“Oqila ayollar” harakati - mahalla vijdoni
Foto: Xalq so‘zi
Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida Surxondaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi qoshida faoliyat olib borayotgan “Oqila ayollar” harakati aʼzolarining anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, Bosh vazir oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi Z.Mahkamova hamda harakatning viloyat, tuman va shahar, mahalla boshlangʻich guruhi aʼzolari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, joriy yilning 1-mart kuni davlatimiz rahbarlari tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida joylarda obroʻ-eʼtiborli, katta tajribaga ega “Oqila ayollar” harakatini tashkil etish gʻoyasi ilgari surilgan edi. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham jamoatchilik asosida ish yuritadigan mazkur harakat faoliyati yoʻlga qoʻyildi. “Oqila ayollar” harakati yetakchisi va oʻrinbosarlari saylandi. Hozirda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasida harakatning 40 nafar, tuman, shahar boʻlimlarida 30 nafar, tuman, shahar oila va xotin-qizlar boʻlimlari tomonidan har bir mahallada 15 nafardan eng faol, tashabbuskor ayollardan iborat boshlangʻich guruhlari faoliyat olib bormoqda. Faol va tashabbuskor ayollarni bir safda jamlagan ushbu jamoatchilik tuzilmasi xotin-qizlarni qoʻllab–quvvatlash, oila, farzand, shu jumladan qizlar tarbiyasi va xotin-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirish, mahallalarda oilalarni mustahkamlash kabi masʼuliyatli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Anjumanda soʻzga chiqqan harakat aʼzolari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohot inson qadrini ulugʻlashga qaratilganini alohida qayd etib, harakatning Yangi Oʻzbekistonda yangi maʼnaviy makon yaratish, xalqimizga xos ezgu gʻoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odat va noyob anʼanalarni tizimli targʻib qilishdagi oʻrniga urgʻu berildi.
— Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va gender tenglikni taʼminlashga doir ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu bilan birga ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uchun qulay sharoit yaratish hukumatimizning doimiy eʼtiboridadir. “Oqila ayollar” harakati oʻzining faoliyati davomida xotin-qizlar muammolarini oʻrganish, unga ijobiy yechim topish hamda har bir oila, mahallada maʼnaviy muhitni yaxshilashga yaqindan koʻmak berishmoqda. — deydi Surxondaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilbar Normurodova.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring