Onlayn tarjimon imkoniyati cheklanganlarning ogʻirini yengil qiladi

15:34 11 Dekabr 2018 Jamiyat
1995 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Asadilla akaning gapirishi va eshitishida tugʻma nuqsoni bor. U yaqinda oziq-ovqat doʻkonidan xarid qilgan sut mahsuloti isteʼmolga yaroqsiz boʻlib chiqdi. Shundan soʻng sotuvchiga mahsulotni qaytarmoqchi boʻldi. Ammo uning talabi qondirilmadi. Soʻng Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qildi. Shunda mutaxassislar uni tushunishi va muammosini hal etishi uchun qiyinchiliklarga duch keldi.

Bu kabi holatlar hayotimizda koʻplab uchraydi. Ayni muammoning qanday yechimi bor? Imkoniyati cheklanganlarga qanday koʻmak berish mumkin?

Milliy matbuot markazida “Murojaatlar bilan ishlashda yangi innovatsion gʻoyalarni qoʻllash – imkoniyati cheklangan fuqarolar huquqlari taʼminlanishining kafolati” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda ana shunday imkoniyati cheklangan fuqarolarga koʻmaklashish maqsadida sinovdan oʻtkazilayotgan innovatsion loyiha taqdimoti oʻtkazildi.

Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 30 mingga yaqin gapirish va eshitishda nuqsoni bor fuqarolar roʻyxatga olingan. Bu faqat roʻyxatga olinganlari, xolos. Bundan tashqari, 1 millionga yaqin zaif eshituvchi hamyurtlarimiz ham biz bilan yonma-yon yashaydi.

Ularning huquqlarini himoya qilish, xizmat koʻrsatish uchun koʻmaklashadigan “Surdo online Uzbekistan” dasturi amaliyotda sinab koʻrilmoqda.

Mazkur dastur hozircha faqat rus tilida ishlaydi. Bunda murojaat qiluvchi planshet orqali oʻz istagini bildiradi. Onlayn tarjimon uning xohish-istaklarini tarjima qilib beradi. 2019 yil davomida mazkur dasturning oʻzbekcha va inglizcha shaklini ham joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Isteʼmolchi mazkur dastur orqali murojaat qoldirish, uning natijasi bilan tanishishi va huquqiy maslahat olish imkoniga ega. Loyiha imkoniyati cheklangan isteʼmolchilarning murojaatlari koʻrib chiqilishida ham qulaylik yaratadi.

– Bugungi kunda isteʼmolchi madaniyati yuksalib borayapti. Fuqarolar oʻz haq-huquqlarini talab qila oladi, – deydi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyati hududiy birlashmasi raisi Tojiddin Eshmirzayev. – Nega isteʼmolchi huquqi buziladi? Ayrim mutasaddi tashkilotlar vakillari baʼzan bilib, baʼzan bilmay shunday xatoga yoʻl qoʻyadi. Bu jarayonda imkoniyati cheklangan isteʼmolchilar koʻproq qiynaladi. Yangi dastur ana shunday fuqarolar uchun keng imkoniyat yaratadi, ogʻirini yengil qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер