Onkologik amaliyotlar uchun chet elga chiqish 70 foizga kamaydi — SSV
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzagʻolib Tillashayxovning aytishicha, markazning yetakchi mutaxassislaridan iborat guruhlar muntazam ravishda hududlarga chiqib, mahorat darslari, seminarlar oʻtkazmoqda. Joylarda aholi uchun tibbiy koʻriklar tashkil etilyapti.
2022-yil hududlarda 10 000 nafarga yaqin aholi ishtirokida oʻtkazilgan tibbiy koʻriklarda 6 156 nafar bemor aniqlanib, ularning 114 nafarida yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari oʻtkazildi.
Markaz amaliyotiga 7 turdagi, viloyat darajasida 24 turdagi, tuman darajasida esa 2 turdagi yangi jarrohlik va diagnostika usullari tatbiq qilinib, umumiy amaliyotlar soni 2021-yilga nisbatan 36 foizga oshdi.
Natijada, jigar oʻsmalari, sut bezi va bachadon boʻyni raki, kololektal va buyrak saratoni kabi kasalliklar boʻyicha bemorlarning xorijga chiqishlari qariyb 70 foizga kamaydi.
Oʻtgan yilning oʻzida onkologik muassasalarda faoliyat yuritayotgan 112 nafar mutaxassis markazda, 78 nafari esa xorijda qayta tayyorlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring