Ona vatan bayrogʻim — orim, gʻururim, shaʼnim
Bundan roppa-rosa 29 yil muqaddam Oʻzbekiston deb atalmish osoyishta, erkin va farovon yurtning ona tabiatdan andoza olib ishlangan davlat bayrogʻi qabul qilingan edi. Shundan buyon bu muqaddas tugʻ eng oliy sahnalar, eng yuqori marralarda, zafarli qoʻllarda baland koʻtarilmoqda, shavqu zavq bilan koʻzlarga surtilib, lablarga bosilmoqda.
Bugun bu bayroq faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, u shu yurtda tugʻilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha el-elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni qalblarga yaqinlashtiradigan, dillarni dillarga ulaydigan vositaga aylangan. Dunyoning qaysi burchida boʻlmang, bu bayroq ona yurt nafasini dimoqqa uradi, qadrdon Vatanni yodga soladi.
Barchamizga maʼlumki, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari Oʻtkazilgan VII sessiyasida 407-XII-son bilan qabul qilingan. Ushbu qonun 13 ta moddadan iboratdir. Bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgan. Milliy bayrogʻimizning davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida gʻalaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz. Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon- sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini oʻzida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz ifodasidir.
Hurmatli vatandoshlar, aziz yoshlar!
Sizlarni ushbu sana bilan qizgʻin muborakbod etaman. Ona yurtimizdagi tinchlik va osudalik hech qachon bizni tark etmasin, bayrogʻimiz baland-balandlarda Oʻzbekiston deb atalmish jannatmakon yurt shaʼni, shonu shavkatidan darak berib hilpirayversin!
Murodbek Rahmonberdiyev,
Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi
Yangiobod tuman boʻlimi boshligʻi,
Jizzax Viloyat Kengashi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring