Omonat bahorning har bir kuni — toʻy!!!
Gul fasli
Yerda nafis shivir — boychechak sasi,
Bahorning tashrifi azal shunaqa.
Quyosh tabassumi...
Kurtak xandasi —
Kulgi-yallalarga toʻlar mintaqa.
Moʻjiza yuz berar...
Parvo qilmaysan,
Qara, sendan oʻzga hamma mahliyo.
Seni rom etmasmi gul fasli — chaman,
Imkoning bahordan imkonlimi yo?!
Atirgulning bitta barra tikanin
Yasamoq qoʻlingdan kelarmikan, ayt?
Maysani ulgʻaytgan bugʻdoy ekanin
His etsang, “Tasanno!!!” degaysan bu payt!
Kechagi chang qirlar — yam-yashil gilam,
Tunov kun choʻp edi bu bogʻlar guli.
Vo ajab, gulgundir kapalaklar ham,
Tabiatning sehri — bahor mahsuli!!
Tagʻin gʻaflat ichra qolmagil, ay, jon,
Koʻchat ek, bogʻ yarat, bekor ishni qoʻy.
Koʻrkamlik — dil mayli, bahrasi — ehson,
Omonat bahorning har bir kuni — toʻy!!!
Safar OLLOYOR
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring