“Omikron”: pandemiya tarixida yangi rekord

14:29 11 Yanvar 2022 Dunyo
1564 0

Dunyoda pandemiya tarixidagi yangi rekord oʻrnatildi. Kecha qariyb 3 million 160 ming kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Eng yomoni, koʻrsatkichlar bir kun avvalgi holatga nisbatan yana 1 milliontaga koʻp.

Favqulodda oʻsish surʼatlari AQSH hissasiga toʻgʻri keladi. Bu yerda 9-yanvar kuni 315 ming odam SOVID-19ni yuqtirgani maʼlum qilingandi. Oradan bir kun oʻtgach, bu raqam 1 million 400 taga yetgan.

Gʻarbiy Yevropaning ayrim davlatlarida esa aksincha, pandemiya toʻlqini birmuncha pasayayotgani kuzatilmoqda. Masalan, Fransiyada bir kun ichida kasallanish koʻrsatkichlari 296 mingtadan 87 mingtaga tushdi. Boshqa qator davlatlarda esa epidemiologik vaziyat kundan kun murakkablashib boryapti.

Masalan, soʻnggi kunlarda Filippinda “omikron” dominant variantga aylandi. Shu sababli mamlakatda kunlik kasallanish koʻrsatkichlari 33 mingtadan oshib ketdi. Bu pandemiya davrida hududda qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichdir.

Ruminiyada ham epidemiologik vaziyat yomonlashgani haqida rasmiy xabarlar tarqaldi. “Biz hozir pandemiyaning beshinchi toʻlqiniga roʻbaroʻ keldik va koronavirus tarqalishi boʻyicha Yevropada yetakchi oʻrinda turibmiz”, deb bayonot berdi mamlakat Sogʻliqni saqlash vaziri A. Rafila.

10-yanvar holatiga koʻra, bu yerda hozirgacha 1,85 million kishi SOVID-19ga chalingan. Xastalikdan vafot etganlar soni esa 59 ming nafarni tashkil etyapti.

Yangi mutatsiya Bolgariya aholisi salomatligiga ham xavf solmoqda. Kecha hududda “omikron”ni yuqtirgan yana 52 bemor roʻyxatga olindi. Polshada esa mazkur shtamm bilan bogʻliq 10 ta yangi holat aniqlanib, jami “omikron”ni yuqtirganlar 162 nafarga yetdi.

Shuningdek, yangi variant kirib borgan mamlakatlar safiga Ozarbayjon ham qoʻshildi. Qoʻshni davlat — Qozogʻistonda ham “omikron” qayd etilganidan buyon koʻrsatkichlar keskin koʻpaymoqda. Misol, uchun bu yerda soʻnggi sutkada 2 230 nafar bemorda kasallik qayd etilgan.

Turkiyada yangi yilning ilk kunida 36 ming odam SOVID-19ni yuqtirib olgani maʼlum qilingandi. 10-yanvar kuniga kelib esa kunlik koʻrsatkichlar deyarli ikki barobar oshib, 65 mingtaga yetdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maxsus vakili Devid Nabarroning fikricha, “omikron” shtammi tufayli kelgusi uch oy odamlar uchun ogʻir boʻlishi mumkin. Biroq dunyo boʻyicha pandemiyaning tugash muddati yaqinlashmoqda.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi esa “omikron”ning baʼzi xavfli belgilarini eʼlon qildi.

Nafas olishning qiyinlashishi, koʻkrak qafasida doimiy ogʻriqlar paydo boʻlishi, uyqudan turish qobiliyatining susayishi, teri, lab va tirnoqlar rangining ocharishi shular jumlasidan. Shifokorlar, shuningdek, kuchli charchoq, tomoq ogʻrigʻi, quruq yoʻtal va mushak ogʻrigʻini xarakterli alomatlar, deb hisoblaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер