Ombudsman qariyalar uyiga joylashmoqchi boʻlgan fuqaroning ishini ijobiy hal qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ga fuqaro Sh.L. qariyalar uyiga joylashtirish masalasida murojaat qildi.
Murojaatchining soʻzlariga koʻra, boshpanasi yoʻqligi sababli u 2006-yildan beri koʻchada yashaydi va shu sababli sogʻligʻi ancha yomonlashgan.
Ombudsman xodimlari tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, murojaat joyiga chiqib oʻrganildi. Fuqaro Sh.L. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” poliklinikasi hovlisidagi oʻrindiqlardan topildi. U bilan suhbatlashib qayerda tunashi va ovqatlanish sharoitlari oʻrganildi. Aniqlanishicha, avvallari shahar tashqarisidagi uylardan birida qoʻriqchi boʻlib ishlagan, lekin uy egasi turar-joyini sotgani sababli fuqaro Sh.L. koʻchada qolgan. Murojaatchining qarindoshlari va bolalari yoʻq, oʻzi esa keksayib qolgan.
Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Qabul qilingan hujjatlarga asoslanib, Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga murojaat qilib, fuqaro Sh.L.ni qariyalar uyiga joylashtirishda amaliy yordam soʻraldi.
Natijada murojaatchi Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Saxovat” internat uyiga joylashtirildi.
2022-yil 27-dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili internat uyiga borib, fuqaro Sh.L. bilan suhbatlashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring