Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm faoliyati yanada kuchaytirildi
Inson huquqlarini taʼminlash, qiynoqlarga qarshi kurashish masalasi juda keng hamda doimiy izlanish va oʻrganishni talab qilgani uchun ham dunyo hamjamiyati ushbu illatga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirish, xalqaro miqyosda bajarilishi majburiy boʻlgan normalarni ishlab chiqish yoʻlidan bormoqda.
Maʼlumki, ozodlikda boʻlgan insonlarga nisbatan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash biroz murakkab boʻlgan jarayon. Chunki, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda boʻlayotgan hodisalar doim ham jamoatchilik nazoratida boʻlavermaydi.
Shuning uchun ham 2002-yil 18-dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 57/199-rezolyutsiyasi bilan Qiynoqlar hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiyaga doir Fakultativ protokoli bilan milliy preventiv mexanizm (MPM) tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Milliy preventiv mexanizm – qiynoqning har qanday koʻrinishlarining oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflar tizimini yaratishdir.
Mamlakatimizda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida qiynoqlarga qarshi kurashish borasida muhim qadam qoʻyildi. 2019-yilda ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslanib, ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm yoʻlga qoʻyildi va tegishli qonun hujjatlari bilan mustahkamlandi. Unga muvofiq Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻrishi belgilab berildi.
Hozirda qulogʻimizga tez-tez chalinayotgan “jamoatchilik nazorati” termini soʻnggi yillarda hattoki harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylargacha yetib keldi. Chunki, Ombudsman huzurida tuzilgan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashuvchi ekspert guruhi tarkibiga nodavlat notijorat vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham kiritildi.
Ekspert guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga, yaʼni maʼmuriy qamoqqa olingan, jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqqa olingan, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarga hukm qilingan, majburiy davolash muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.
Shu kunga qadar 2019-yilda 46 marotaba, 2020-yilda 71 marotaba, 2021-yilda esa 128 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish boʻyicha parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilishiga erishildi.
Shuningdek, MPM doirasida mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar soni ham yil sayin ortib, Ombudsman institutiga boʻlgan ishonch yanada ortdi. Raqamlar statistikasiga koʻra, 2017-yilgi murojaatlar 565 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilga qadar bu koʻrsatgich 1 563 taga yetdi. 2021-yilning 11 oyida esa mahkumlar va ularning yaqin qarindoshlaridan 2 058 ta murojaat qabul qilingan.
Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida davlat rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori bilan qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirish, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarning tezkor va xolisona koʻrib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam koʻrsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish kabi masalalar ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi va Ombudsman huzuridagi MPM faoliyati yanada takomillashtirildi.
Jumladan, Ombudsman huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tashkil etildi. Ular zimmasiga qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish boʻyicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish, qiynoqqa solish holatlari toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish, qiynoqqa solish holatlarini ekspertlik baholash masalalari boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalar yuklatildi.
Qolaversa, Ombudsman ekspertlik guruhi negizidagi Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini jalb qilishi belgilandi. Bunda ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega boʻlishini hamda gender tengligi taʼminlanishi hisobga olinadi.
Qayd etish lozimki, monitoring jarayonlariga ommaviy axborot vositalarining ham jalb qilinishi inson huquqlarini taʼminlash borasidagi davlat siyosatining yopiq muassasalarga ham yetib borganini aholiga koʻrsatish, ushbu obyektlardagi shart-sharoitlarning xalqaro standartlarga moslashayotganini koʻrsatish imkonini berdi.
Joriy yilda Ombudsman boshchiligida amalga oshirilgan monitoring tashriflarini yoritgan ommaviy axborot vositalari vakillari mahkumlarning yashash, ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi sharoitlari bilan tanishish barobarida mahkum va mahbuslar bilan shaxsan muloqot qildilar.
Oʻtgan davr mobaynida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tahliliy maʼlumotlar tayyorlanib, mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborildi va ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga xizmat qiladi.
Temurbek XAYITOV,
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining boʻlimi boshligʻi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring