Ombudsman daʼvo ariza kiritdi. Nega?

18:21 09 Mart 2021 Jamiyat
1526 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati maʼlum qilishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining Mirobod boʻlimida 22 yildan buyon bosh hisobchi lavozimida faoliyat yuritgan fuqaro Natalya Sarsenbayeva tomonidan ishga tiklash masalasida yordam soʻrab murojaat qilgan edi.

Ombudsman instituti xodimlari tomonidan olib borilgan oʻrganish davomida aniqlanishicha, ushbu murojaatning kelib chiqishiga 2020-yildagi pandemiya sabab boʻlgan.

Pandemiya tufayli mamlakatimizda yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish borasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha faoliyat takomillashtirilishi munosabati bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy boʻlinmalari tugatilib, ular negizida yangi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkil etildi.

Murojaatchining tushuntirishicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Mirobod tumani boʻlinmasi rahbariyati tomonidan mazkur tizim takomillashtirilganligi vaj qilinib, 22 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan bosh hisobchidan lavozimdan ozod qilishni soʻrab ariza yozish soʻralgan.

Maʼlumki, Davlat rahbarining 2020-yilning 25-iyulidagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida yangi tashkil etilgan Sanitariya-epidemiologiya xizmati va uning hududiy boʻlinmalari tegishincha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va ularning hududiy boʻlinmalari huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanishi belgilangan.

Murojaatda keltirilishicha, sobiq bosh hisobchi uning ishdan boʻshatilishiga huquqiy baho berish uchun Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilgan. Inspeksiya mazkur tashkilot tomonidan amalga oshirilgan harakatlar qonunga zid ekanligi toʻgʻrisida xulosa beradi. Lekin, ushbu hujjat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining Mirobod boʻlimi tomonidan eʼtiborsiz qoldiriladi.

Shundan soʻng, sobiq hisobchi Ombudsmanga murojaat qilgan. Fuqaro Natalya Sarsenbayevaning murojaatiga asosan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan holat batafsil oʻrganilib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. Unga javoban, mazkur boshqarma va uning hududiy boʻlimlarining barcha xodimlari ogohlantirish xati asosida ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingani, ayni paytda boʻsh vakantlar yoʻqligi hamda ishsiz qolgan xodimlarning mahalliy mehnat organiga ish qidiruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilganligi maʼlum qilingan.

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Vakil masala yuzasidan sudga daʼvo arizasini kiritdi.

Sudda Ombudsman daʼvo arizasini koʻrib chiqish jarayoniga Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi kengashi vakili hamda Davlat mehnat inspeksiyasi masʼul xodimlarini ham jalb etdi.

Sud dalillarga asosan ishni koʻrib chiqib, fuqaro Natalya Sarsenbayeva foydasiga hal etdi. Sudning hal qiluv qaroriga koʻra, sobiq bosh hisobchi ishga qayta tiklandi va u hozirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Mirobod tumani boʻlimi bosh hisobchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, sud qarori bilan unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun salkam 5 mln. soʻm hamda 3,5 oylik majburiy progul uchun kompensatsiya pullarining undirilishi belgilandi. Qarorning kompensatsiya undirilishi bilan bogʻliq qismi Majburiy ijro byurosi ish yurituviga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер