Ombudsman BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, 2023-yilning 13-mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonga tashrif buyurishgan edi.
Shu kuni delegatsiya aʼzolari Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova bilan ham uchrashishdi.
Uchrashuvda mehmonlar Ombudsman institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari, xalqaro hamkorlik hamda jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha faoliyati bilan tanishtirildi. Xususan, Ombudsman BMTning tegishli Qoʻmitalariga xalqaro Konvensiyalar ijrosi boʻyicha muqobil maʼruzalar kiritib borishi va 2023-yilda mazkur yoʻnalishdagi ishlar yanada kuchaytirilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, F.Eshmatova Konstitutsiyaviy islohotlarga toʻxtalar ekan, loyihada Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqining berilishi nazarda tutilgani, bu esa fuqarolar murojaatlarini oʻrganish davomida qonun hujjatlarida aniqlangan boʻshliqlarni toʻldirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Oʻzaro muloqot davomida Oʻzbekiston hamda BMT va uning tuzilmalari oʻrtasida inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv konstruktiv muloqot hamda doʻstona ruhda oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring