Oltinsoyda zamonaviy tikuvchilik korxonasi filiali va gilam toʻqish fabrikasi ish boshladi
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida boʻlib, ular tomonidan chekka qishloqlarda yashovchi ayollarning turmush tarzi va ijtimoiy ahvoli har bir hudud boʻyicha oʻrganilmoqda. Natijasida turmush sharoiti ogʻir, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga Federatsiya tomonidan amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Oltinsoy tumanining Togʻay Murod nomli mahallasida Termiz shahrida faoliyat olib borayotgan “ZIF Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati filialining ish boshlashi bilan hududda yashovchi xotin-qizlar bandligini taʼminlanadigan boʻldi.

Buning uchun Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 2,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, 150 ta tikuv mashinkasi va zaruriy jihozlar keltirildi. Bu yerda ikki smenada ish tashkil etilib, hududdagi 300 nafar xotin-qizlar doimiy ish oʻrni ega boʻlishdi.
Mazkur korxona filiali qoshida gilam toʻqishga moʻljallangan kichik fabrika faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Unga tumandagi 5 nafar tajribali gilamdoʻz ustalar jalb etildi. Ustoz-shogird anʼanasi asosida shu sohaga qiziquvchilar dastlab oʻqitilib, soʻng ishga qabul qilinadi.

Ahamiyatlisi, Federatsiya hisobidan bu korxonaga 500 mln. soʻm mablagʻ ajratilib, gilam toʻqishga ixtisoslashgan dastgohlar keltiriladigan boʻldi. Shuning pirovardida yana 500 nafar mahalliy xotin-qizlar kasanachilik asosida ish bilan taʼminlanadi.
Oltinsoy tumani hokimligida Respublika ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambagʻal oilalar vakillariga maishiy texnika, pul mablagʻlari hamda ish bilan taʼminlash boʻyicha yoʻllanmalar berildi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan amalga oshirilayotgan ushbu xayrli saʼy-harakatlar chekka hududlarda yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining real daromadini oshirish, ijtimoiy qoʻllab quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Taqdimot marosimlarida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov ishtirok etdi.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring