Olotda “Sohil boʻyi” dam olish maskani barpo etilmoqda

14:00 18 Fevral 2026 Jamiyat
274 0

Buxoro viloyatida “Sohil boʻyi” aholi dam olish maskanlari yana bittaga koʻpayadi. Olot tumanidagi ham shunday xushmanzara goʻsha barpo etilmoqda.Bu loyiha “Amu – Qorakoʻl” kanali boʻyida amalga oshirilayapti.

-Yozi oʻta issiq keladigan, hududining asosiy qismi choʻlu biyobonlardan iborat vohamizda bunday dam olish maskanlariga ehtiyoj katta,- deydi mehnat faxriysi G. Roʻziyeva.- Salqin suv boʻyida turli xizmatlardan bahramand boʻlib oilaviy dam olganga nima yetsin? Biz, olotliklar “Sohil boʻyi” dam olish maskanining barpo etilayotganidan juda mamnunmiz.

Maskan hududi kanal boʻylab salkam yarim kilometrni tashkil etadi. Loyihaning umumiy qiymati 3 milliard soʻm. Bu yerda zamonaviy infratuzilma obyektlari, savdo shoxobchalari, koʻngilochar goʻshalar qad rostlamoqda. Aholining miriqib hordiq chiqarishi, shuningdek, sayllar uyushtirish uchun zarur qulayliklar yaratilyapti. Tabiiyki, shu jarayonda tadbirkorlik ham rivojlanadi, oʻnlab yangi ish oʻrinlari yuzaga keladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, viloyatning Gʻijduvon, Buxoro tumanlarida ham hudud jozibadorligini oshirish, aholining koʻngilli hordiq chiqarishi uchun “Sohil boʻyi” dam olish maskanlari barpo etilayapti.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер