“Olx” platformasida yana bir jinoyat fosh etildi
Toshkent shahar, Sergeli tumanida yashovchi 60 yoshli (ayol) B.R. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 500.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumanida yashovchi 43 yoshli T.N. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan, T.N. “OLX” platformasida “Eshiklar sotiladi” deya yolgʻon eʼlon joylashtirgan va bu eʼlonga ishongan B.R. bilan telefon orqali gaplashib, uni aldab, oldindan 500.000 soʻm miqdoridagi pullarni boshlangʻich toʻlov sifatida oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartasiga oʻtkazdirib olgan va bergan vaʼdasini bajarmasdan, yozishmalarni oʻchirib yuborib, aloqani uzib qoʻygan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, T.N.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring