Olimlar koʻzoynak taqqan insonlar koronavirusga kamroq chalinishini tasdiqlashdi

16:27 01 Noyabr 2020 Dunyo
1655 0

Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, koʻzoynak taqadigan odamlarlarda yangi koronavirusga chalinish ehtimoli ancha kam ekan. Bu haqda OpenBio forumi maydonida biologiya fanlari doktori, Rossiyaning Novosibirsk davlat universiteti bionanotexnologiya, mikrobiologiya va virusologiya laboratoriyasi rahbari Sergey Netesov maʼlum qildi. Uning aytishicha, xitoylik olimlar ham oʻrganishlari davomida xuddi shunday xulosaga kelishgan. Uning fikrlarini “Rossiyskaya gazeta” nashri keltirib oʻtdi.

— Xitoyda ham shu boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot koʻzoynak taqadigan odamlar koronavirusga boshqalarga nisbatan besh marotaba kam chalinishini koʻrsatdi, — deydi Netesov. — Ushbu davlatda bu juda aniq namoyon boʻladi. Chunki u yerda kontakt linzalarni kam taqishsa-da, lekin koʻrish qobiliyatida muammosi boʻlgan insonlarning 80 foizidan ziyodi koʻzoynak taqadi. Bemorlarning bor-yoʻgʻi oʻn foizini esa koʻzoynak taqadiganlar tashkil etgan. 

Ayni chogʻda rossiyalik olim niqobda yurishni ham qatʼiy tavsiya qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, virusni yuqtirishning asosiy yoʻllari burun va koʻzning shilliq pardalari hisoblanadi. Shunday ekan, burnini berkitmasdan niqob kiygan odam xuddi niqobsiz yurgan bilan bir xil hisoblanadi. Hidni yoʻqotish birinchi navbatda infeksiya burun orqali yuqqanini koʻrsatadi. Bu esa eng keng tarqalgan alomatlardan biridir. 

Olimning qatʼiy taʼkidlashicha, niqoblarni hamma, ayniqsa, keksalar taqishi shart. Boz ustiga, koronavirus tashuvchisi oʻzi shunday ekanligini bilmaydi. Niqob shu tarafdan ham zarurdir.

— Yuqtirgan odam virusni birinchi alomatlari paydo boʻlishidan oldin uni tashishni boshlaydi. U yoʻtalmaydi, isitmasi yoʻq, kasal ekanligini bilmaydi, ammo ikki kun davomida virusni tashib yuraveradi. Agar u niqobsiz yursa, boshqalarga ham yuqtiradi — deydi Sergey Netesov. — Hatto oddiy niqoblar ham qabul qilinayotgan virus dozasini yuzlab marta kamaytiradi. Bu oʻz tasdigʻini topgan. Niqob bemor odamdan chiqayotgan havoni kuchli filtrlaydi. Agar ikki kishi niqob taqsa, u holda biridan ikkinchisiga infeksiyani yuqtirish ehtimoli minglab marta kamayadi. 

Ekspert, shuningdek, xitoylik mutaxassislar virus inson terisida 12 soatgacha yashashini isbotlashgani haqida ham aytib oʻtdi. Shuning uchun qoʻlni yuvib yurish juda muhim profilaktik chora hisoblanadi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер