Olimlar koronavirusdan oʻlimning 50 foizini oldini olish mumkinligini aniqladilar
Foto: РИА «Новости»
“COVID-19”dan oʻlimning taxminan 50 foizdan koʻproq qismini vaksinalarni samarali tarqatish orqali oldini olish mumkin boʻlgan.
Angliyaning Shimoli-sharqiy universitet olimlari “COVID-19”dan oʻlim holatlarining 50 foizdan ortigʻini virusga qarshi vaksinani yanada samaraliroq tarqatish orqali oldini olish mumkinligini aniqladilar. Tadqiqot xulosalari “Nature Communications” jurnalida chop etildi.
Olimlar 20 ta davlatda, jumladan, Keniya, Afgʻoniston va Boliviyada, agar ushbu davlatlar bir vaqtning oʻzida yuqori daromadli mamlakatlar bilan bir xil miqdorda koronavirusga qarshi vaksinalarni olganida qancha odamning hayotini saqlab qolish mumkinligini taxmin qilish uchun pandemiyani hisoblash modelidan foydalanib tadqiqotlar olib borishdi.
Ularning hisob-kitoblariga koʻra, bu holatda tahlil qilinayotgan mamlakatlarda sodir boʻlgan oʻlimning 50 foizdan ortigʻining oldini olish mumkin boʻlgan. Shu bilan birga, masalan Afgʻoniston va Ugandada oʻlim soni 90 foizdan koʻproqqa kamayishi, umuman olganda esa 518 ming nafar odamning hayotini saqlab qolish imkoni boʻlgan.
Mualliflarning fikricha, xalqaro sogʻliqni saqlash tashkilotlari va jamgʻarmalari muammoni oldindan koʻrib, uni hal qilishga uringan, biroq oʻz vaqtida buni uddalay olmagan.
Olimlarning taʼkidlashicha, past va oʻrtacha daromadli mamlakatlarda vaksinani tez yetkazib berishda koʻplab toʻsiqlar mavjud. Jumladan, tibbiyot xodimlarining yetishmasligi, cheklangan mablagʻlar va vaksinalarni yetkazib berish infratuzilmasining yoʻqligi shular sirasiga kiradi.
“Keyingi safar ham logistika, ham ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlishimiz kerak, shunda biz haqiqatan ham bu mamlakatlarda boshqacha natijaga erisha olamiz”, deya xulosa qilishdi olimlar.
Tadqiqotga Angola, Gana, Kot-dʻIvuar, Mozambik, Zambiya, Misr, Marokash, Pokiston, Shri-Lanka, Bangladesh, Salvador, Gonduras, Filippin va Qirgʻiziston kiritilgan. Ushbu mamlakatlarda vaksinalarni yetkazib berishning kechikishi, shuningdek, maktablar, restoranlar va boshqa korxonalarning yuqori daromadli mamlakatlarga qaraganda uzoqroq muddatga yopilishiga olib kelgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring