Oliy oʻquv yurtlarida inklyuziv taʼlim: muammo va yechimlar

10:37 01 Mart 2024 Jamiyat
896 0

Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun har jabhada inklyuziv muhit yaratish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ayniqsa bu toifa insonlar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonlar pedagogikada inklyuziv taʼlim atamasi bilan yuritiladi. Bugunga qadar matbuotda inklyuziv taʼlim masalalariga doir koʻplab materiallar eʼlon qilingan. Aksar materiallarda taʼlim tizimining oʻrta boʻgʻini, yaʼni umumtaʼlim maskanlarida inklyuziv muhitni shakllantirish borasida qator fikrlar ilgari surilgan. Ammo ushbu yoʻnalishda oliy taʼlim tizimida ham yechimtalab masalalar talaygina. Nogironlik toifalari orasida taʼlimdagi Inklyuziyaga ehtiyojmand insonlarning asosiy qismini koʻzi ojizlar tashkil etadi. Shu maʼnoda, mazkur maqola orqali koʻzi ojizlar uchun oliy taʼlim tizimidagi inklyuziv muhit bilan bogʻliq baʼzi muammolar va ularning yechimiga doir takliflar xususida soʻz yuritiladi.

Sir emaski taʼlimning ushbu bosqichida koʻzi ojizlar nogironligi boʻlmagan talabalar bilan birgalikda tahsil oladi. Bu shaklan inklyuziv taʼlim hisoblansada, mazmunan unday emas. Chunki oliy taʼlim tizimidagi oʻquv jarayonlarida koʻzi ojiz talabalar uchun inklyuziv muhit toʻla shakllantirilmagan. Biz bu oʻrinda ayni holatlarni bir necha bosqichda koʻrib chiqamiz.

Birinchisi, oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlarining tashkiliy jihatlari bilan bogʻliq muammolardir. Taʼkidlash joiz, ushbu imtihonlarning ogʻzaki shaklda oʻtkazilishi bugunga qadar eng maʼqul yechim sifatida baholanadi. Aksar hollarda koʻzi ojiz abituriyentlar oʻzi hujjat topshirayotgan oliy oʻquv yurtida imtihon jarayoni qanday kechishi, uning aynan qaysi sanada boʻlib oʻtishi borasida zarur maʼlumotga ega boʻlmaydilar. Aslida, har bir oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi masʼul xodimi koʻzi ojizlarga ana shunday maʼlumotlarni yetkazishi, ularda tugʻiladigan qoʻshimcha savollarga batafsil javob berishi lozim. Qolaversa, maxsus imtihon kunlari oliy oʻquv yurtlarida turlicha taqsimlangan. Ayni jarayon qaysi bir institut yoki universitetda 1, qay birida 3 kun davom etadi. Aslida buning ham yagona standarti boʻlishi lozim. Bu borada sanʼat institutlari, dasturida ijodiy imtihonlar mavjud boʻlgan oʻquv yurtlaridan tashqari barcha oliy taʼlim muassasalarida kirish imtihonlarini bir kunda oʻtkazish adolat mezonlariga mos keladi.

Inklyuziv muhitni shakllantirish borasidagi muammolarning keyingi bosqichi, ehtimolki asosiysi koʻzi ojiz talabalarning maxsus adabiyotlar bilan taʼminlanganlik holatidir. Ushbu masalada xuddi maxsus taʼlim muassasalaridagi kabi barcha qoʻllanmalarning brayl yozuvidagi varianti ham boʻlishi lozim degan fikrdan yiroqmiz. Bu nuqtada brayl yozuviga ehtiyoj mavjud boʻlgan va mavjud boʻlmagan sohalarga doir qoʻllanmalarni tasniflash lozim. Jumladan, xorijiy tillar, aniq fanlarga oid qoʻllanmalarda brayl yozuviga ehtiyoj yuqori. Negaki, aniq fanlarga oid formulalar, xorijiy tillardagi imlo qoidalariga tegishli bilimlarni faqatgina eshitish orqali oʻzlashtirib boʻlmaydi. Ularda yozma savodxonlikni rivojlantirish ham zaruriy omil sanaladi.

Ijtimoiy sohalarga doir adabiyotlarni talabalarga moslashtirishning maʼqul yechimi esa ularni audio formatga oʻtkazishdir. Zamonaviy axborot texnologiyalari rivoji natijasida koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun turli tillarda, xususan oʻzbek tilida ham ovozli nutq sintezatorlari ishlab chiqilgan. Ushbu nutq sintezatorlari yordamida har qanday formatdagi elektron materiallarni oʻqish mumkin. Shu maʼnoda, talabalarni mutaxassislikka doir elektron kitoblar toʻplami bilan taʼminlash ham mavjud muammoga yechim boʻla oladi. Bir soʻz bilan aytganda, oliy taʼlim tizimida inklyuziv muhitni shakllantirish, uni kelgusidagi rivojini taʼminlash turli sohalardagi nogironligi boʻlgan kadrlar salohiyatini oʻsishiga xizmat qiladi.

Ozod QURBONOV, OʻzJOKU tayanch doktoranti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер