Oliy Majlisga tekshiruv oʻtkazish huquqi berildi
Qonun hujjatlariga qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari takomillashtirilishiga oid tuzatishlar kiritildi.
Birinchidan, yangi mexanizm – parlament tekshiruvi joriy etiladi. Jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muayyan faktlarni yoki voqealarni oʻrganish maqsadida parlament tekshiruvi oʻtkaziladi.
Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan parlament tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi (qoʻshma qaror qabul qilinishi ham mumkin) hamda ularning vakillaridan iborat Komissiya tuziladi, u:
- davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining vakillarini, mutaxassislarni, ekspertlarni va olimlarni komissiya ishiga jalb etishga haqli;
- davlat organlaridan, xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, boshqa tashkilotlardan, shuningdek fuqarolardan zarur maʼlumotlarni soʻrab olishga, ularni tushuntirish berish uchun taklif etishga haqli;
- Parlamentning tegishli palatasini bajarilgan ishlar toʻgʻrisida belgilangan muddatda xabardor qiladi.
Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi va Senatga davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish huquqi berildi. Bu hukumat aʼzolariga nisbatan belgilangan tartibga koʻra amalga oshiriladi.
Uchinchidan, parlament soʻrovi, senatorning soʻrovi, Qonunchilik palatasi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatining soʻroviga javob kim tomonidan imzolanishi aniqlashtirildi. Javobni oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs imzolaydi.
Eslatib oʻtamiz, soʻrov quyidagi masalalar yuzasidan asoslangan tushuntirish berilishi yoki oʻz pozitsiyasini bayon etish talabini ifodalaydi:
- qonunlar, turli sohalardagi davlat dasturlari ijrosi hamda davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari yurituvidagi boshqa muhim masalalar yuzasidan – parlament soʻrovi;
- tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan – senator soʻrovi;
- tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan – deputat soʻrovi.
Statistika boʻyicha koʻpgina soʻrovlarga manzili boʻyicha javob berilmayotganligi tuzatishlar kiritishni taqozo etdi. Masalan, 2018-yilda yuborilgan 207 ta parlament soʻroviga boshqa mansabdor shaxslar tomonidan imzolangan 120 ta javob olingan. 2019-yilda 175 ta (72 foiz) deputat soʻroviga tegishli organlar rahbarlarining oʻrinbosarlari, 13 ta (5 foiz) soʻrovga – tobe tashkilotlar rahbarlari, 2 ta soʻrovga (1 foiz) – boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan javob berilgan.
Toʻrtinchidan, quyidagilar qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti kiritgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqilayotganda ishtirok etishi va maʼruza bilan soʻzga chiqishi mumkin:
- Joʻqorgʻi Kenges, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar – ular tayinlagan vakil orqali;
- Prezident va Bosh prokuror – shaxsan ishtirok etishi yoki vakil tayinlashi;
- Qonunchilik palatasi deputatlari – shaxsan ishtirok etishi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritish toʻgʻrisidagi qarorda kimlar loyihani koʻrib chiqishda ishtirok etishi va maʼruza bilan soʻzga chiqishi koʻrsatiladi.
Beshinchidan, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari maqomi belgilandi. U:
- xalqaro parlament tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantiradi, boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha boshqa tuzilmalar (parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qoʻmitalar, ishchi guruhlar va boshqalar) faoliyatini muvofiqlashtiradi, parlamentlararo diplomatiyani rivojlantiradi, xalqaro shartnomalarning hukumat tomonidan bajarilishini nazorat qilishga doir ishlarni tashkil etadi, tashkiliy va boshqa vazifalarni bajaradi;
- oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turadi va fraksiya tarkibiga kirishi mumkin emas;
- Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Qonun 11.08.2020-yildan kuchga kirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring