Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisi joriy yil 11-may kuni chaqiriladi

14:50 06 May 2020 Siyosat
1461 0

2020-yil 6-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva Kengash majlisini ochar ekan, bugungi sinovli kunlarda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilgan tezkor va muhim choralar oʻzining ijobiy samarasini berayotganligi, murakkab vaziyatda xalq bilan birga boʻlgani, qisqa vaqtda katta ishlar amalga oshirilib, hayot izga tushayotganidan xalqimiz mamnun boʻlayotganini alohida taʼkidladi.

Ushbu jarayonda senatorlar hamda mahalliy Kengashlar deputatlari ham faol ishtirok etib, tashabbuskorlikni yana-da oshirishi, xalqimiz turmushining yaxshilanishi yoʻlidagi har bir ezgu ishga yaqindan koʻmaklashishi zarurligi qayd etildi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻrtinchi yalpi majlisini joriy yil 11-may kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash va koronavirus infeksiyasi respublika hududi boʻylab tarqalishining oldini olish maqsadida videokonferensaloqa shaklida oʻtkaziladigan yalpi majlisda 19 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

“Salomatlik” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi, “Sogʻlom turmush” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi, “Faxriy murabbiy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi yangi qonunlar shular jumlasidan.

Shu bilan birga, “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi”gi, “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqiladi.

Yalpi majlisda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 2020-yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining, Ombudsman, Hisob palatasi, Bosh prokuror va Markaziy bank boshqaruvi raisining 2019-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitilishi ham nazarda tutilmoqda.

Yalpi majlis kun tartibiga hokimlar tomonidan qarorlar qabul qilinishida qonun hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan Hukumatga parlament soʻrovi yuborish masalasi kiritilgan.

Prezidentimizning “Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirishga oid davlat siyosatini tubdan yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini tasdiqlash masalasi navbatdagi majlis kun tartibidan oʻrin olgan.

Kun tartibidagi masalalarga tayyorgarlikning borishi yuzasidan masʼul qoʻmitalar raislarining tegishli axborotlari eshitildi.

Shuningdek, parlament palatalari Kengashlarining “Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar ham muhokama qilindi.

Majlisda Kengash aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasining Muqaddas Taxt huzuridagi Favqulodda va Muxtor Elchisini ham tasdiqlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер