Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 5 barobar, yaʼni 9 foizdan 42 foizga oshgan
Prezident raisligida muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Bugungi kunda butun dunyoda sanoatda tannarxni kamaytirish masalasi juda dolzarb. Xorijiy oliygohlarda “tannarx muhandisligi” (kost injiniring) degan fan bor, hatto kadrlar tayyorlanadi.
Yoki, “qiyoslash muhandisligi” (benchmarking) orqali eng yaxshi amaliyot va yutuqlar tahlil qilinib, ulardan andoza olib, ishlab chiqarishda joriy qilish oʻrgatiladi. “Qayta muhandislik” (reversiv injiniring) tayyor mahsulotni olib, ishlash mexanizmini boʻlaklarga boʻlib, mualliflik huquqini buzmagan holda, oʻxshash mahsulot yaratishni oʻrgatadi.
Prezident birorta texnika oliygohida bularga oʻqitish yoʻlga qoʻyilmaganini afsus bilan qayd etdi.
Oqibatda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablagʻ sarflab, ishchilarini xorijda oʻqitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur.
Oxirgi yetti yilda oliy taʼlim qamrovi 5 barobar, yaʼni 9 foizdan 42 foizga oshgani bilan yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda pastligi qayd etildi. 2023-yil soʻrovnomasida atigi 8 foiz maktab bitiruvchisi shu sohani tanlagan.
Koʻpgina professor-oʻqituvchilar amaliyotdan uzilib qolgan. Muhandislik boʻyicha 9 ming 600 nafar professor-oʻqituvchining 40 foizi soʻnggi 5-yilda malaka oshirmagan.
Ayrim institutlardagi oʻqituvchilarning yuklamasi xorijga nisbatan 2 karra koʻp. Baʼzi universitetlar ilmiy laboratoriyalaridagi uskunaning 50 foizi eskirgan, qoʻshimcha laboratoriya va zamonaviy jihozlarga ehtiyoj mavjud.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring