Oyda ekilgan paxta chigiti unib chiqdi

16:12 23 Yanvar 2019 Dunyo
3377 0

Xitoyning Chanye-4 missiyasi Oyga olib chiqqan paxta urugʻi nish urdi, deb aytmoqda Xitoy Milliy Fazo Administratsiyasi, deb xabar berdi Bi-bi-si.

Bu Yerning tabiiy yoʻldoshi sathida oʻstirilgan ilk oʻsimlik boʻldi va ushbu tajriba fazoni zabt etishda tashlangan muhim qadam sifatida koʻrilmoqda. Bunga qadar olimlar past tortishish kuchi va yuqori radiatsiya mavjud muhitda oʻsimlik undirib koʻrmagan edi. Chanye-4 Oyning Yerga koʻrinmaydigan tomoniga birinchi bor qoʻngan missiyaga ham aylangan. 

Oʻzi bilan bir qancha ilmiy asbob-uskunalar olib borgan apparat 3 yanvar kuni yoʻldosh yuzasiga qoʻngan. Shu vaqtga qadar Xalqaro Kosmik Stansiyada ham oʻsimliklar undirib koʻrilgan, ammo bunday tajriba Oyda birinchi bor oʻtkazilayotir.

Paxta urugʻi bilan birga Oyga, umumiy hisobda, olti turdagi biologik namunalar, jumladan, kartoshka, kanola urugʻi va meva pashshasi lichinkalari olib chiqilgan.

Olimlar kosmik apparat ichida yopiq ekotizim hosil qilishni istamoqda. Bunday tizimda lichinkalar karbonat angidrid gazi ishlab chiqaradi, oʻsimliklar esa fotosintez yordamida uni kislorodga aylantiradi.

Agar Oyda bu reja muvaffaqiyatli amalga oshsa, u holda fazogirlarning Mars kabi olis manzillarga bemalol safar uyushtirishiga imkon tugʻiladi, yaʼni ular oziq-ovqat muammosini kosmik kemaning oʻzida yaratilgan ekotizim evaziga hal eta oladi.

15 yanvar kuni Xitoyning Peopleʼs Daily gazetasi nish urgan urugʻ suratini eʼlon qilgan va uni “insoniyatning Oydagi birinchi biologik tajribasi hosilasi” deb atagan.

Avstraliya Astronomiya Observatoriyasi katta astronomi Fred Vatson Bi-bi-siga bu xabarni “ajoyib yangilik” deya taʼrifladi.

Oyda dehqonchilik qilish mumkinmi?

“Bu kelajakda fazogirlarning Oyda sunʼiy yaratilgan muhitda oʻz hosilini yetishtirishiga nisbatan hech qanday mushkul muammolar boʻlmasligidan darak beradi”.

“Menimcha, hozirda Marsga uchishda Oydan bekat sifatida foydalanishga qiziqish katta, chunki u Yerga nisbatan yaqinroqdir”, - deydi janob Vatson.

Mazkur loyihani ishlab chiqqan professor Si Gengsin Xitoy matbuotiga bunday tajribalar kelajakda insonning kosmosda qanday jon saqlashi borasida aniq tasavvurlar paydo qilishini maʼlum qilgan.

“Past tortishish kuchi sharoitida oʻsimlik yetishtirish kelajakda barpo etilajak fazoviy bazamiz uchun kerakli maʼlumotlarni toʻplashga yordam beradi”.

Professor Gengsinga koʻra, koinotda yetishtirilgan paxtadan fazogirlar kiyim tayyorlashda foydalansa, kartoshka va kanola moyi oziq-ovqat zaxirasiga aylanishi mumkin.

Shu vaqtga qadar xitoyliklar boshqarayotgan zond Yerga 170 ga yaqin surat, xususan, qoʻnish hududining panorama tasvirlarini yuborgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер