Oilaviy tadbirkorlik uchun 12 trillion soʻm

23:24 28 Yanvar 2023 Jamiyat
1069 0

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi ish oʻrinlarini koʻpaytirish va kambagʻallikni qisqartirishdir. Olib borilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad ularni kambagʻallikdan chiqarish, oilasi byudjetini boyitish, ishli, hunarli qilishga qaratilgan. 

Gap shundaki, kambagʻallikni qisqartirish bu – nochor oilalarga mablagʻ ajratish, oilasi bir chetini koʻtarib yuborish bilan hal etiladigan masala emas. Agar nochor yoki kam taʼminlangan oilalar tadbirkorlik bilan shugʻullanib, oʻzlari moddiy neʼmat yaratmas ekan, bu sohada muayyan natijalarga erishib boʻlmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25-yanvar kuni kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan ushbu masalalar keng muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari eʼtibor qaratish zarur boʻlgan yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi. Avvalo, oilaviy tadbirkorlikka yanada turtki berish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻlami kengaytirilishi taʼkidlandi. 2022-yilda bu maqsadga qariyb 10 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan edi. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 12 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Bunday kreditlarning eng yuqori miqdori ham oshiriladi. Albatta, oilaviy tadbirkorlik uchun ajratilyotgan bu kreditlardan foydalanib, fuqarolar oʻz oilasi byudjetini mustahkamlaydi, oʻziga ham, yurtga ham naf keltiradi.

Bandlikni taʼminlashda yana bir katta manba bu – ziroatchilik. Ikki yil ichida aholiga 200 ming gektardan ziyod yer boʻlib berilmoqda. Lekin, ayrim joylarda bu ishlarga panja orasidan qaralyapti, ekinlar plantatsiya usulida ekilmayapti. Shu bois davlatimiz rahbari yerlarni aholiga qulay joylardan ajratish, ularda bozorbop mahsulotlar yetishtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bu yerlardan samarali foydalanib, 1 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi qayd etildi.

Maʼlumki, mahallalarda 300 ta mikromarkaz tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Prezident bunday markazlarni koʻpaytirib, ishsiz aholining hunarmandlik va tadbirkorlik bilan shugʻullanishiga sharoit yaratish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi. 

Ishonchim komilki, aholi bandligini taʼminlash, kam daromadli kishilarni oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi xayrli tashabbuslar joylarda jadallik bilan amalga oshirilsa, albatta, muayyan natijalarga erishamiz. Bunda pastki boʻgʻindagi rahbarlar, deputatlar va keng jamoatchilik hamkorlikda astoydil ish olib borishlari talab etiladi.

Hazratqul Xoʻjamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер