Oiladagi shafqatsizlik va beparvolik oqibati ogʻir, sababi yanada ayanchli

18:02 31 Iyul 2024 Jamiyat
505 0

Foto: Illustrativ foto

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Inson oilada dunyoga keladi. Hayot haqidagi tasavvurlari, chor-atrofdagi odamlarga munosabati oilada shakllanadi. Demak, bolaning qanday inson boʻlib yetishi har jihatdan u ulgʻaygan oila muhitiga bogʻliq.

Bunga voyaga yetmagan Bibisora (ismi oʻzgartirildi)ning hayotini misol qilib keltirish mumkin.

Bibisoraning oʻn yoshligida ota-onasi ajrashib ketadi. Qiz onasi tarbiyasida qoladi. Oradan bir necha yil oʻtib onasi Mirishkor tumanida yashovchi bir kishiga turmushga chiqadi. Bu paytda Bibisora 14 yoshda edi.

Er-xotin oʻzaro ahillikda yashab ketadi. Ammo ular Bibisoraning ruhiyatida kechayotgan oʻzgarishlarga eʼtibor qaratmaydi. Qarshidan Mirishkorga borgan qiz maktabi va yaqinlaridan uzoqlashib, mutlaqo begona joy, odamlar davrasiga koʻnikolmay bir qiynalgan boʻlsa, oʻgay otani oʻz otasi sifatida qabul qilolmay ikki qiynaldi. Natijada tez-tez asabiylashib, atrofdagilar bilan tortishib qoladi.

Bu vaqtda mavjud holatni unga toʻgʻri tushuntirib, ruhiy koʻmak berishi, yaxshi gap bilan yoʻlga solishi lozim boʻlgan ota-ona oʻz tashvishlaridan ortmaydi. Qaytaga “Sen tirmizak gapga kirmayapsan, esingni joyiga kiritib qoʻyish kerak” qabilidagi dashnomlar bilan urib-silkilab yoʻlga solib olmoqchi boʻlishadi. Bu holatni oʻgayligim uchun qilyapti, deb tushungan qiz uydan qochadigan, qaysi qarindoshi oʻziga yaxshi munosabatda boʻlsa, oʻshanikiga boradigan odat chiqaradi.

Bibisorani toʻgʻri tushunib muomala qiladigan yaqinlaridan biri Qarshi shahrida yashovchi xolasi Nilufar Azimova edi. Qiz tez-tez xolasining uyiga qochib borar, bir-ikki kundan soʻng onasi kelib olib ketardi. Oxirgi safar kelganida u xolasiga yolvoradi:

— Xola, men siznikida doimiy qolay. Ishlaringizga qarashib turaman…

— Menga-ku mayli edi-ya, lekin bugun onang kelar ekan. Baribir olib ketadi-da, — deb javob qildi xolasi.

Shu lahzada qizning uyga ketgulik shashti yoʻq edi. Bunday vaziyatda nima qilish zarur? Qizning xayoliga kelgan yagona fikr xolasining uyidan ham qochish boʻladi. Biroq, oʻz yoʻlini topib olguniga qadar ishlatib turish uchun pul kerak. Xayolida qayerdan pul topish rejasi aylangan Bibisora beixtiyor xolasining uydan chiqishini poylay boshladi. Qolganini uning oʻzidan eshiting:

“Oʻsha kuni xolam bozorga ketdi. Men yoʻlga chiqsam, oʻzimga pul kerak boʻlishini oʻylab, xolamning uyini koʻzdan kechirdim. Televizor ustida turgan telefon apparati va sandiqdan 500 dollar hamda 300 000 soʻm pulni olib, uydan chiqib ketdim. Keyin Qarshi shahridagi “Orzu” bozorini aylandim. Ammo bu yerdan hech narsa xarid qilganim yoʻq. Shundan soʻng, “Xoʻjai Jarroh” qabristoniga borib, buvimning qabrini ziyorat qildim”. (Bibisora Obidovaning tergovda bergan koʻrsatmasidan).

Xolasinikidan oʻgʻirlab chiqqan pullari bilan katta shaharda yolgʻiz qolgan Bibisora endi yonidagi pullardan xavotirga tusha boshladi. Bu holatda yursam, birov pullarimni olib qoʻyishi mumkin, degan hadikda Mirishkor tumaniga borib, 500 dollarini oʻzi bilan yaqin munosabatda boʻlgan Javohir ismli tanishiga: “Otam bu pullarni menga aliment hisobida berdi. Hozircha senda tursin, kerak boʻlganida olaman” deb oʻzi yana Qarshiga qaytadi. Shahardagi “Yerqoʻrgʻon” dehqon bozorida tijoratchi ayollarga yordamlashib kun kechiradi.

Ota-onasining arzasiga asosan qidiruv eʼlon qilingan Bibisora Obidova koʻp oʻtmay IIB xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Shuningdek, xolasi Nilufar Azimovaning arizasiga asosan, u oʻgʻirlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan javobgarlikka tortildi.

Taʼkidlash joiz, oʻtgan 2023-yilda Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmaganlar tomonidan 36 ta jinoyat sodir etilgan. Ushbu jinoyatlar tafsilotlari bilan tanishar ekansiz, ularning aksariyati oiladagi nazoratsizlik, ota-onaning farzandlar yurish-turishiga befarqligi natijasida kelib chiqqaniga amin boʻlasiz.

Masalan, chiroqchilik 16 yoshli Ulugʻbek Nodirov 2023-yilning noyabr oyida, tungi soat 12:00 lar atrofida tuman markazida tanishi bilan janjallashib, unga ogʻir tan jarohati yetkazgan. Ota-ona esa “Tun yarmida nega oʻgʻlim uyda emas? U qayerda, kim bilan yuribdi?” degan fikr xayoliga kelmaganini sud majlisida taʼkidlashdi.

Yoki 2007-yilda Qarshi tumanida tugʻilgan Xurshid Hamidovning ham oʻzidan yoshi katta bolalarga qoʻshilib qoʻshni tumandagi kanalga choʻmilishga ketganidan ota-onasi xabarsiz ekan. Kun boʻyi kanalda choʻmilib, sangʻib yurgan Xurshidga sheriklaridan birining kalaka qilgani yoqmaydi. Natijada janjallashib qolgan oʻsmir jahl ustida mashina yukxonasida turgan pichoqni olib, unga ogʻir tan jarohati yetkazadi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi tumani sudining ochiq sud majlisida voyaga yetmagan Xurshid Hamidov tomonidan sodir etilgan jinoyat ishi koʻrib chiqilib, unga 2-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ha, Xurshid oʻsha kuni nazoratsiz, bemaqsad yurish oʻrniga, biror-bir toʻgarakka borib ilm olishi, kasb-hunar oʻrganishi yoki oʻzi yoqtirgan qaysidir foydali mashgʻulot bilan shugʻullanishi ham mumkin edi. Bu holda ushbu jinoyat ham roʻy bermasdi.

Yosh avlodni niholga qiyoslashadi. Uni qay tomonga egsa, shu zayilda oʻsadi. Demakki, yuqoridagi oʻsmirlarning tarbiyasiga ham ota-onalari befarq boʻlmaganda, ulardan vaqtini, eʼtiborini, mehrini ayamaganda bu yoshlar katta hayot ostonasiga qadam bosmay turiboq sudning “qora kursi”siga oʻtirmagan boʻlardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер