Ohangaronga kim koʻmir kuli yogʻdirmoqda?

23:15 31 Mart 2021 Jamiyat
1789 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov hamrohligida Ohangaron tumanida boʻlib, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolari bilan tanishdi. Bugungi kunda ushbu hududda 30 yoshdan yuqori boʻlgan 20146 nafardan ortiq xotin-qizlar istiqomat qilmoqda. Ularning 872 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan.

Senat Raisi dastlab tumandagi sariq hudud “Gʻallaquduq” MFYda istiqomat qilayotgan Qizjibek Mamatova xonadonida boʻlib, uy sharoitida tashkil etilgan tikuv sexi faoliyati bilan tanishdi. Chevar ayollar yakka tartibdagi tadbirkor Husniddin Muxamedov rahbarligida qoʻshni Tojikiston respublikasidagi hamkorlarining buyurtmasini amalga oshirmoqda. Bundan bir necha kun oldin esa Rossiya davlatiga 70 ming donadan ortiq bosh kiyim tikib, eksport qilishgan.

—Kasanachilik asosida ishlayotgan ayollarimiz oʻz mehnatlari rohatini koʻrishmoqda, — deydi Raʼno Soatova. — Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida oʻqib izlanyapmiz, yangi modellar topishga intilyapmiz. Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan ayollarga berilayotgan eʼtibordan mamnunmiz.

Ohangaronning “Gʻallaquduq” qishlogʻi muammolar mavjud boʻlgan ogʻir hududlardan biri sanaladi. Bu yerda ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan, qaramogʻida nogironligi bor farzandlarni tarbiyalanayotgan oilalar talaygina. Yoshlarning ishsizlik darajasi ham yetarli miqdorda.

Senat Raisining chevar ayollar bilan oʻzaro suhbati davomida bunday muammolarni bartaraf etishda H. Muhammedovdek tadbirkorlarga qishloqda ehtiyoj juda katta ekanligi taʼkidlandi.

Tumanning Yonariq va Yalpoqtepa qishloqlaridagi uchrashuvlarda ham xotin-qizlarni oʻylantirayotgan masalalar yechimi xususida gap bordi. Gulzira Turonboyeva Ohangaron shahar shifoxonasida hamshira boʻlib ishlaydi. U oʻz hamkasblari nomidan Senat raisiga topshirgan shikoyatida qayd etilishicha, ularni qiynab kelayotgan muammolar shahar hokimligi darajasida hal etilishi lozim boʻlsada, shu kungacha paysalga solingan. Shahar hokimining qabuliga kirish esa byurokratik toʻsiqlar sababli ortga surilmoqda. Shuningdek, Lola Mehmonova, Nigora Ahmedova, Umida Qoʻshoqova singari oʻnlab ayollar koʻtargan masalalar yechimi ham bugungi kunda dolzarbligicha qolmoqda.

T. Norboyeva bilan boʻlgan uchrashuvlar, oʻzaro samimiy va oshkora suhbatlar jarayonida qizil hudud etib belgilangan “Yonariq” va “Yalpoqtepa” mahallalaridagi aholining muammolari izchil oʻrganildi. Ota-onalarning taʼkidlashicha, oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida qurilgan qishloq maktabi hozirgi zamon talablariga javob bermaydi. Birinchi oʻquv binosi taʼmirtalab holatga kelgan boʻlsada, bu borada tegishli choralar koʻrilmagan. Sinf xonalarining eshik oynalari eskirganligi va isitish tizimi ishlamasligi tufayli oʻquvchilar sovuq kunlarda aziyat chekishmoqda. Maktabda oʻquvchilar uchun oshxona yoʻq! Qishloqdagi oilalarda 380 nafar bogʻcha yoshidagi bolalar istiqomat qilayotgan boʻlsada, ular MTM xizmati bilan toʻliq qamrab olinmagan.

—Asosiy tirikchiligimiz chorvadan, biroq, mol-hol qilaylik desak, atrofimiz bepoyon dala-dasht boʻlishiga qaramay yaylov yoʻq,-deydi “Yonariq”  MFYdagi Nurafshon koʻchasi, 75-uyda yashovchi Mavjuda Soatova. — Hamma joy egalik boʻlib ketgan.

Mavjuda Soatovaning jon kuydirayotganidek, yaylovlarni egallagan shovvozlar atrof muhitni koʻkalamzorlashtirish bahonasida ihota daraxtzorlari tashkil qilib, qir-adirlarga oʻtish yoʻllarini toʻsib olishgan. Aholining chorvachilik bilan shugʻullanishiga jiddiy toʻsiq boʻlayotgan muammolarga tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kredit mablagʻlari foizining yuqoriligi, bankdan olinayotgan qarz evaziga taʼminotchi taklif qilayotgan shoxli qoramollar va qoʻy-echkilarning xarid narxlari bozordagidan ikki uch barobar qimmatligi ham sabab boʻlmoqda.

“Istiqbol” koʻchasidagi 110 ta xonadonda 656 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularni bugun yechimsiz bir muammo qiynamoqda. Toshkent — Angren temir yoʻl yoʻnalishidan oʻtish joyi mavjud emasligi sababli yoshu qari 10 km uzoqliqdagi koʻchadan aylanib kirishga majbur boʻlmoqda.

—Bu hali hangomaning holvasi, — deydi Ziyokor koʻchasi, 103-uyda yashovchi onaxon Tursunoy Aliqulova. — Qishloqlarimizning ichki koʻchalariga hattoki, shagʻal ham yotqizilmagan. Biz istiqomat qilayotgan mahallada shu kungacha ichimlik suvi mavjud emas. Bolalarimiz boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazishi uchun sport maydonchalari yoʻq! Maktabimizga Moʻminobod qishlogʻidan qatnayotgan oʻquvchilar bir-bir yarim soat yayov yoʻl yurib, qor-yomgʻirli kunlarda suv-loy kechib, ust-boshi shalabbo holda kelib ketadilar. Tuman rahbarlari shu goʻdaklar uchun loaqal bitta transport vositasi qatnovini yoʻlga qoʻyishsa boʻlardi-ku!.

Baxt-baraka koʻchasi, 44-uyda istiqomat qiluvchi Dilorom Rusqulova koʻtargan masala tuman aholisini qator yillar davomida qiynab kelmoqda.

— “Yangi Angren” IES ertayu kech ustimizga kul kukunlarini yogʻdirmoqda. Tomorqamizda pomidor va bodring singari sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish armonga aylanganiga bir necha yil boʻldi. Buni qoʻyib turing, hovlimiz sahniga gulu rayhon ekishdan ham mosuvo qilindik. Bir tarafdan Moʻminobod qishlogʻidagi tovuq fabrikasining qoʻlansa hidlari dimogʻimizga urilsa, har yili kunlar isishi bilan butun qishloqni qoplovchi oq pashsha hasharoti dard ustiga chipqon boʻlmoqda. Eshik derazamizni emin-erkin ochib oʻtirolmaymiz. Kelinlar kechga tomon artib qoʻygan deraza oynalarini tonggacha “Yangi Angren” sharofati bilan qaytadan kul qoplaydi. Bu vallomatlarning atrof-muhitga, odamlarga, ayniqsa, yosh bolalar salomatligiga jiddiy ziyon yetkazayotgani nega chorasiz qolmoqda?

Tuman hokimi Abdurasul Abdullayev Yonariq va Moʻminobod qishlogʻi oʻrtasidagi 50 gektar maydonda bunyod etilgan issiqxonalar tufayli qishloqlarda oq pashsha singari hasharotlar koʻpayganligini aytib, tegishli choralar koʻrishga vaʼda berdi. Aholi vakillarining “Yangi Angren” IES xususidagi eʼtirozlari esa tegishli soha vakillari bilan oʻrganib chiqilishi aytildi.

Tanzila Norboyeva kun yakunida Ohangaron tuman kengashi deputatlari bilan boʻlgan uchrashuvda aholining bu kabi haqli eʼtirozlarini bartaraf etish yoʻl-yoʻriqlarini kelishib oldi. Mutasaddi tashkilotlarga tegishli maslahat va vazifalar berildi. Ularni bajarish chogʻida xotin-qizlarning jamiyatda tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratish lozimligi uqtirildi.

“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga alohida yordam koʻrsatish taʼkidlandi. Noturar joylarda istiqomat qilayotgan, oʻzining yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar-joy mavjud boʻlmagan ayollar, tibbiy himoyaga muhtojlar, tadbirkorlik qilish istagini bildirganlar, tomorqasidan daromad olish yoʻl-yoʻriqlarini qidirayotganlarga huquqiy va moddiy yordam koʻrsatish, uchrashuvlarda berilgan tavsiyalar asosida, manzilli dasturlar ishlab chiqib, amalga oshirishni qatʼiy nazorat qilish choralari belgilandi.

Shodiyor MUTAHAROV
(“Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер