Ohangaronda 30 ta yirik chorvachilik majmuasi quriladi
Arxiv surat
Joriy yilning 14-aprelida davlatimiz rahbari tomonidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbirda Ohangaron tumanida chorvachilik sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga ham alohida urgʻu berildi.
Ohangaron respublikamizning chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlaridan biridir. Bunga hududning qulay tabiiy-geografik joylashuvi, iqlim sharoiti va boshqa omillarni sabab qilib koʻrsatish mumkin. Qolaversa, ohangaronliklar qadimdan chorvachilik va dehqonchilik borasida boy tajribaga ega. Aynan mana shu jihatlar mamlakatimizda sohani yana-da takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar jarayonida tumanga alohida eʼtibor qaratilishiga zamin yaratmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qarorida ham mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish hisobiga chorvachilikni yana-da rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar asosida chorvachilik komplekslarini tashkil etish hamda aholi isteʼmoli uchun sifatli soha mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish koʻzda tutilgan. Unga koʻra, 2019 — 2021-yillarda qoramolchilik va qoʻy-echkichilikni rivojlantirish maqsadida, tumanda umumiy qiymati 746 mlrd. 598 mln. soʻmga teng boʻlgan (shundan 53 mln. 210 ming dollari xorijiy investitsiya) 30 ta chorvachilik kompleksi (17 ta qoramolchilik, 13 ta qoʻy-echkichilik) tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, ayni paytda mazkur loyihalar uchun 20 124 gektar sugʻoriladigan yer, 50 033 gektar yaylov-pichanzorlar, qurilish ishlari uchun esa 149 gektar maydon ajratildi. Hozirgi kunda chorva komplekslarini qurish ishlari boshlab yuborilgan. Loyihalar doirasida 44 500 bosh naslli qoramol, 16 000 bosh qoʻy-echki olib kelinadi. Yiliga 98 000 tonna sut, 10 817 tonna goʻsht, 168 tonna jun yetishtiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring