Ogʻufurushlarga nisbatan hukm oʻqildi

17:40 22 Aprel 2020 Jamiyat
916 0

Giyohvand moddalar kelajak avlodning nurli istiqboliga soya solishi bilan davlat xavfsizligiga jiddiy tahdid uygʻotuvchi omillardan sanaladi.

Shu bois ham giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish Davlat xavfsizlik xizmati idoralari oldida turgan asosiy vazifalardan hisoblanadi.

DXX xodimlarining muntazam ravishda olib borayotgan sayʼ-harakatlari tufayli giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar faoliyatiga chek qoʻyilmoqda.

Xususan, 2019-yilning 9-oktyabr kuni Andijon viloyati Asaka shahar “Buyum bozori” hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida yashovchi, muqaddam 2 marotaba sudlangan, 1974-y.t. Ibrohim Yormatov 12 kg. 985 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi bilan qoʻlga olingan edi. Aniqlanishicha, ushbu ogʻu qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan olib kelingan boʻlgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Xonobod shahar sudi I.Yormatovga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishiga oid hujjatlarni atroflicha koʻrib chiqdi va uning sodir etgan qilmishi oqibatlarini hisobga olib, 13 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Taʼkidlash lozimki, I.Yormatov 2019-yilning mart oyida giyohvandlik vositasi sanalgan “Tramadol” tabletkasini koʻp miqdorda mamlakatimizga olib kirganligi uchun sud hukmi bilan unga 4 yil 2 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.

Shuningdek, DXX xodimlarining 2019-yilning 14-sentyabr kuni Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani hududida oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida yashovchi, 1989-yilda tugʻilgan Nurmat Isoqov Qirgʻizistondagi jinoiy aloqalaridan qabul qilib olgan 6 kg. 318 gr. “gashish” giyohvandlik vositasini Fargʻona viloyatiga olib ketayotgan vaqtida qoʻlga olingan edi. Uning jinoiy sherigi 1985-yilda tugʻilgan margʻilonlik Shuhrat Mahmudov esa ushbu “gashish” moddasi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan chet el valyutasini qirgʻizistonlik ogʻufurushlarga berib, Oʻzbekistonga qaytib kelgan vaqtida ushlangandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyati Marhamat tuman sudi tomonidan N.Isoqov va Sh.Mahmudovlarga nisbatan hukm oʻqilib, ularning har biriga 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер