Oʻgʻrilikda gumonlanuvchi shaxs qamoqqa olindi
Foto: IIV Axborot xizmati
Joriy haftada ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida masjidda begona shaxslarning yechib qoʻygan ustki kiyimlari choʻntagidan pullarini yashirin ravishda oʻgʻirlagan shaxsga oid turli foto va video xabarlar tarqaldi.
Ushbu xabarlar Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan oʻrganib chiqildi va oʻgʻirlikda gumonlanayotgan shaxs toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarga aniqlik kiritilib, uni ushlash choralari koʻrildi. Ushbu shaxs, Urganch shahrida yashovchi, 2001-yilda tugʻilgan, F.O.ekanligi maʼlum boʻldi.
Urganch shahri boʻyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida gumondor F.O. uchta holatda masjidda begona shaxslar yechib qoʻygan kiyimlardan turli miqdordagi pullarni yashirin ravishda oʻgʻirlaganligi aniqlandi.
Gumondor Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyat sodir qilganlikda ayblanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring