Odil sudlov — adolat tarozisi

12:56 27 Iyul 2020 Jamiyat
3922 0

Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar oldinga qarab yana bir katta qadam tashladi. Odamlarning sudma sud eshik qoqib borishiga, tumanma tuman sud idorasini axtarib sarson-sargardon yurishiga chek qoʻyildi. Xullas, davlatimiz rahbari tomonidan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon imzolanganligi ayni muddao boʻldi.

Ushbu Farmonda 2021-yil boshidan sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qancha muhim tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish nazarda tutildi.

Bu bilan viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning ham salohiyati, ham mavqeyi oshiriladigan boʻldi. Maʼlumki, sudlarning tarqoqligi fuqarolar uchun qiyinchilik tugʻdirayotgan, ortiqcha sarf-xarajat uchun omil boʻlayotgan edi. Ayni vaqtda har bir viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda toʻrttadan oʻn beshtagacha sudyalar faoliyat yuritayotgan boʻlsa, yangi tashkil etiladigan umumyurisdiksiya sudlarida 19 tadan 47 tagacha sudya ishlaydi. Natijada sudda ishlarni sifatli va samarali koʻrish mexanizmi vujudga keladi. Eng muhimi, fuqarolarning sudma-sud yurishi, u shahardan bu shaharga qatnashi barham topadi.

Taʼkidlash joizki, maʼmuriy ishlar bilan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradigan sudlar bitta boʻlib, turli chalkashliklarga sabab boʻlayotgan edi. Oʻz vaqtida buning oldi olinadigan boʻldi. Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazilishi bu boradagi muammolarga yechim boʻlib xizmat qiladi.

Maʼmuriy sudlar amaliyoti xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda belgilanib, fuqarolar bilan mansabdor shaxslar oʻrtasidagi nizoli masalalar va qarama-qarshiliklar yechimiga bevosita qaratilishi odil sudlovning serqirraligidan dalolat beradi. Endilikda, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etiladi. Bu sudlarda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan fuqarolar tomonidan berilgan daʼvolar boʻyicha yuritilgan maʼmuriy ishlar koʻrib chiqiladi.

Farmonda yana bir muhim masalaga oʻrin ajratilgan. Bu ham boʻlsa, sudlarda jinoyat ishlarini koʻrish chogʻida ishni sud majlisida koʻrishdan avval, inson huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida dastlabki eshituv instituti joriy etilmoqda. Xoʻsh, bu institut nima uchun kerak edi? Bizning odil sudlov amaliyotida bir paytlar jinoyat ishlarini qoʻshimcha tergovga qaytarish instituti bor edi va sudlar bir necha bosqichda shunday xulosaga kelishi mumkin edi. Keyinchalik, qoʻshimcha tergovga qaytarish instituti bekor qilingach, dastlabki tergov organi tomonidan sudda tuzatish imkoni boʻlmagan xatoliklarga yoʻl qoʻyilishi kuzatildi va oqibatda oʻtgan yilning oʻzida Farmonda taʼkidlanganidek, 469 ta ish bir necha kun, hatto oylab sud majlislarida koʻrilganidan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Bu oʻz-oʻzidan ortiqcha vaqt, ortiqcha ish, ortiqcha mablagʻ talab qiladi. Endilikda ishni sudga tayinlash jarayoni 7 sutka ichida amalga oshirilishi, shu muddatdagina sudya mazkur masalani uzil-kesil hal etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Farmon bilan prokurorning sudda ish koʻrilishi jarayonida ishtirok etish tartibi ilgʻor xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Unga koʻra, prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish mumkin boʻladi. Prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan ishni oʻrganish uchun chaqirib olinadi. Prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishi chegaralanadi.

Farmonda boshqa masalalar ham nazarda tutilgan. Eng muhimi, xalqaro tajribaga tayangan holda ishni nazorat tartibida koʻrish institutiga barham berish masalasi qoʻyilgan. Xususan, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish nazarda tutilmoqda.

Albatta, sudda ishlarning bunday tartibda koʻrib chiqilishi advokatura institutining mavqei oshishiga, yaʼni advokatlarning bu ishlarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etishiga imkoniyat tugʻdiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ularning oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish mumkin boʻladi. Bunday tartibning belgilanishi soʻzsiz sud ishlarining ochiqligi, adolatliligi va qonuniyligi uchun xizmat qiladi.

Yana bir muhim masala, sudyalar va sud xodimlarining moddiy taʼminoti 2021-yil 1-yanvardan boshlab toʻliq Davlat byudjetiga oʻtkazilishi va ularning ish haqi oshirilishi belgilangan boʻlib, bu albatta sudyalarning va sud xodimlarining mustaqilligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Shuningdek, Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdargʻom tuman iqtisodiy sudlari tugatilishi, Yangiyoʻl, Urgut, Soʻx, Xatirchi va Paxtakor tumanlarida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar, Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon va Tuproqqalʼa tumanlarida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bulardan koʻzlangan maqsad, oʻz-oʻzidan ravshanki, fuqarolarga qulayliklar yaratishdan iborat. Masalan, Navoiy viloyatining eng katta tumanlaridan biri boʻlgan Xatirchi tumanida koʻp yillardan buyon fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudining mavjud boʻlmaganligi odamlarga qanchalik qiyinchiliklar tugʻdirganligini tasavvur qilish qiyin emas...

Farmonda sudyalar va sudyalikka daʼvogarlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga ham eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berish nazarda tutilgan. Qonunchilikda bunday normaning boʻlishi sud kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyishda adolatlilik va shaffoflik prinsiplarini taʼminlaydi.

Sud tizimini takomillashtirishga bagʻishlangan yana bir qator masalalar jumlasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasining, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmalarida matbuot xizmatlarining tashkil etilishi odil sudlov faoliyatining ochiqligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana sudlar mustaqilligi va odil sudlov organlarining obroʻsi uchun muhim boʻlgan, jamiyat uchun ahamiyatli masala, bu sudlarning faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yana-da kengaytirish dasturi boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda 2021-2025-yillarda sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlash uchun kiritish haqidagi koʻrsatmalardir.

Ochigʻi, ushbu Farmon bilan kiritilayotgan yangi tartib sud tizimidagi muammo va kamchiliklarni, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, tomonlarga sudda teng imkoniyatlar darajasida ishtirok etish vakolatini taʼminlashga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida boʻlishiga erishishga, shuningdek, sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, ochiqlik va shaffoflikka xizmat qiladi.

Shu oʻrinda Farmonning erkin va adolatli jamiyat uchun ham ahamiyati beqiyos ekanligini taʼkidlash joiz. Albatta, jamiyatda adolatni taʼminlash zarurati izchil islohotlarni talab etadi. Sud tizimi ana shunday islohotlarni kutib turgan edi.

Biz Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz manfaatlari yoʻlida oʻtkazilayotgan bu boradagi keng qamrovli islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz va ushbu Farmonning Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan dasturiy vazifalariga mos va monandligini mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz.

Zero, adolat tarozisi hisoblangan odil sudlov organlari amalda mustaqil, qonun ustuvorligini taʼminlaydigan, inson huquqlarining kafolati sifatida har bir ishni adolatli hal qiladigan organ boʻlishi joiz. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Partiyamiz maqsadi ham odil sudlovni inson huquqlarini himoya qiladigan eng ishonchli va chinakam mustaqil organga aylantirishga erishishdir.

Abdukamol RAXMONOV,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi

raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер