Odamlarni rozi qilish yoʻlida...
Prezidentimizning davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot bilan tanishuvi hamda mazkur jarayonda sohaga doir koʻplab muammolarni koʻtarib, yangi vazifalarni belgilab bergani oʻz ishimiz va faoliyatimizga yangicha dunyoqarash bilan qarashimiz kerakligi, ayniqsa, hududlarda aholi manfaatlarini koʻzlab, davlat xizmatlarini koʻrsatishda oʻziga xos tajribani qoʻllashimiz zarurligi, bu yoʻlda aniq maqsad va tinimsiz izlanishimiz, koʻproq mehnat qilishmiz kerakligini koʻrsatdi.
Maʼlumki, yildan yilga xizmat qamrovi kengayib bormoqda. Xususan, bugungi kunda xizmat turlari 157 taga yetgan. Samarqand viloyati misolida olib qaraydigan boʻlsak, ulardan kuniga oʻrtacha 2000 mingtadan ortiq aholi foydalanmoqda. Agar bu raqamlarni oʻtgan davr misolida tahlil qilsak, joriy yilning 11-may kuniga qadar viloyatdagi davlat xizmatlari markazlari orqali 141 661 mingta xizmat koʻrsatildi. Shuningdek, shu davrda 11 639 ta tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Shundan, 3 905 tasi yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan kichik biznes subyektlari boʻlsa, 7 734 tasi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlaridir.
Albatta bu raqamlar oʻz-oʻzidan kelib chiqayotgani yoʻq. Bunda viloyatning barcha tuman, shaharlari markazlarida qad rostlagan zamonaviy, shinam va barcha sharoitlarga ega davlat xizmatlari markazlarining toʻliq foydalanishga topshirilganligi aholiga qulaylik yaratmoqda.
Taqdimot davomida davlatimiz rahbari davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri ekanligi, qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerakligi hamda qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarurligini alohida taʼkidladi. Albatta bu orqali aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi yana-da soddalashadi hamda xizmatlarni olishda tezkorlik va sifat tamoyili yana-da mustahkamlanadi.
Xoʻsh, bu borada Samarqandda shu paytga qadar qanday ishlar amalga oshirildi? Qayd qilish joizki, ayni paytda tuman (shahar) markazlaridan olis hududlar yaʼni, Qoʻshrabot tumanidagi Jonbuloq, Nurobod tumanining Saxoba, Pastdargʻom tumanining Oltiqahramon, Samarqand tumanidagi Qaynanma, Kattaqoʻrgʻon shahrining Ingichka hamda Urgut tumanning Jartepa qishlogʻida davlat xizmatlari markazlarining shoxobchalari faoliyat yuritib kelmoqda. Tashkil etilgan filiallar barcha zamonaviy texnik jihozlar bilan taʼminlangan boʻlib, markaz xodimlari tomonidan aholiga haftada ikki kun tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilda bunday shoxobchalar soni yana bir nechtaga ortadi.
Aniqroq qilib aytganda, Payariq tumanining «Imom al-Buxoriy» hamda Paxtachi tumanining «Qarnab ota» mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlarida ana shunday shoxobchalar mustaqillik bayrami arafasida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, odamlarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida chekka va olis hududlardagi pochta aloqa boʻlimlarida ham elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi kunda viloyat markazidan olisda joylashgan Qoʻshrabot tumanidagi 2 ta, Paxtachi tumanidagi 4 ta hamda Payariq tumanidagi 3 ta pochta aloqa boʻlimlarida fuqarolarimiz 10 dan ortiq davlat xizmatlarini oʻzlari yashab turgan qishloqlardan chiqmasdan olish imkoniga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 14-dekabrdagi PQ-4921-sonli qarori asosida mazkur yil yakunigacha Qoʻshrabot tumanidagi 10 ta, Paxtachi tumanidagi 9 ta va Payariq tumanidagi 12 ta pochta aloqa boʻlimlarida ham shu singari xizmat turlarini koʻrsatish koʻzda tutilgan. Bu qamrov viloyatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Uchrashuvda Davlatimiz rahbari sohadagi muammolarni koʻtarib, ularning yechimlariga eʼtibor qaratdi, aniq takliflarni ilgari surdi. Sohani yana-da rivojlantirish, aholiga qulayliklarni oshirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Xorijiy tajriba asosida, 2021-yil yakuniga qadar davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan xizmatlar soni 200 taga yetkazilishi, barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, toʻlov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish boʻyicha koʻrsatma berdi. Bu masalalar bejizga tilga olinmadi. Mazkur jarayonning amaliyotga tatbiq etilishi zarur xizmat va maʼlumotlarni bir joydan olish imkoniyatini yana-da oshiradi. Bu esa oʻz navbatida ortiqcha ovoragarchiliklar, toʻlovlar bilan bogʻliq muammolar, tashkilotma-tashkilot sarson-sargardon yurishlarga barham beradi.
Albatta bunda xorijiy tajribaga tayanish yuqori samaradorlik garovi. Chunki koʻplab rivojlangan davlatlarda fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi allaqachon raqamlashtirilgan. Biz esa bunga endi oʻtayapmiz. Yaqindan boshlab, xizmatlardan foydalanish tizimi yana-da yengillashtirildi. Jumladan, 450 dan ortiq qonun hujjatida belgilangan 18 turdagi maʼlumot va hujjatlarni aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilindi. 1-iyundan fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi, notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinishi belgilandi.
Shuning uchun viloyatimizda fuqarolik holati dalolatnomalari arxividagi 6 million 525 ming 864 dona qogʻoz shaklidagi maʼlumotlar toʻliq raqamlashtirildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga elektron raqamli imzo kalitini olishda qulaylik yaratilib, ular ushbu jarayonda toʻlovlarni naqd pul koʻrinishida ham amalga oshirishlari mumkin. Albatta sohadagi yangiliklar shular bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Ular son jihatidan ham, sifat jihatidan ham ancha yuqori. Qisqa qilib aytganda, davlat xizmatlarini koʻrsatishda yangi davr boshlanmoqda, desak mubolagʻa emas.
Maqsud QURBONOV,
Davlat xizmatlari agentligi
Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring