Ochiqlikka oid qonunchilik talablariga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli chora koʻrish boʻyicha taqdimnoma kiritildi

20:41 15 Iyun 2023 Jamiyat
512 0

Иллюстратив фото

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish (eʼlon qilish) boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish vazifalari yuklatilgan.

Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Agentlik tomonidan davlat idoralari tomonidan ochiqlikka oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan muntazam oʻrganish oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
 
Xususan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida ochiqlikka oid qonun hujjatlariga rioya etilishi, shu jumladan, ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning belgilangan muddatlarda va resurslarda eʼlon qilinishi monitoring qilindi.

Oʻrganish davomida davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksida faoliyati “qizil” toifada baholangan 27 ta davlat organlari va tashkilotlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, Jizzax, Sirdaryo va Andijon viloyatlari hokimliklariga, shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, “Aloqabank” ATB, “Oʻzavtosanoat” AJlarga ochiqlikni taʼminlash sohasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisida taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mansabdor shaxsiga nisbatan MJtKning 2157-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, koʻrib chiqish uchun sudga yuborildi.

Mazkur yoʻnalishdagi oʻrganishlar boshqa davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ham davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер