Ochilboy Ramatov Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimiga nomzod sifatida koʻrsatildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining barcha qoʻmitalarida yangi tarkibdagi Hukumat aʼzoligiga nomzodlarni koʻrib chiqish va maʼqullash masalalari muhokama qilinmoqda.
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi yigʻilishida Ochilboy Ramatov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimiga nomzod sifatida koʻrsatildi.
Yigʻilishda O.Ramatov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi haqida toʻxtalib oʻtdi.
– Asosiy eʼtiborimizni hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratamiz. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida 264 ta qishloq va 80 ta mahallada obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida 338 trillion soʻmlik 10 ming 605 loyiha amalga oshiriladi. Deyarli barcha shahar markazlarida sitilar barpo etiladi. Samarqanddagi eshkak eshish kanali hududida turistik markaz qurilishi davom etmoqda. 2020-2025-yillarda respublika boʻyicha 280 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Shu bilan birga bizda kanalizatsiya tizimida katta muammolar bor. Bu muammolarni lokal kanalizatsiya tizimini joriy etish yoʻli bilan bosqichma-bosqich hal qilamiz. Aholiga sifatli transport xizmati koʻrsatish maqsadida 2 ta Boeing 747 va Aerobus samolyotlari olib kelinadi. “Humo Air” aviakompaniya ochish rejalashtirilgan, – dedi O.Ramatov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring