Obodlik va sarishtalik yoʻlida birdamlik

18:11 22 Avgust 2025 Jamiyat
367 0

Yurtimiz mustaqilligining 34-yillik tantanalariga munosib tayyorgarlik koʻrish maqsadida oʻtkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida Namangan viloyati ahli ham faol ishtirok etmoqda.

“Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostidagi mazkur tadbirda aholi turarjoylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar va bolalar maydonchalari tartibga keltirilmoqda. Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻkalamzorlashtirish yumushlari olib borilyapti.

— Joylarda amalga oshirilayotgan katta ishning boshida “mahalla yettiligi” astoydil turibdi, — deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi masʼul xodimi Tohirjon Karimov. — Ularning har biri oʻz hududlarida “koʻchabay” usulida ish tashkil etib, tozalik va obodonlashtirish tadbirlarining yuqori sifatli bajarilishini nazorat qilmoqda. Ayni maqsadda boshqarmamizda tuzilgan muvofiqlashtirish shtabida hashar jarayonlari oʻrganilib, tahlil qilib borilayotir.

Berilgan maʼlumotga koʻra, ikki kun davom etadigan hashar doirasida viloyat boʻyicha 121 ta aholi istiqomatgohi, 2663 ta koʻp qavatli uy, 417 mingdan ortiq hovli, 342 ta guzar, koʻplab xiyobon, ziyoratgoh va qabristonlar, boshqa jamoat joylari obodonlashtiriladi. Ayni jarayonda 3,9 million tupdan koʻproq daraxtlar oqlanib, oʻzgalar yordamiga muhtoj 19,2 ming kishining uy-joyi tartibga keltiriladi, 14480 boquvchisiz qolgan va nogironligi bor fuqarolar holidan xabar olinadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер