Obod boʻlayotgan Jizzax

15:11 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
656 0

Jizzax viloyatida ijtimoiy shart-sharoit nisbatan ogʻir hududlar sirasiga kiritilgan 40 ta mahalla fuqarolar yigʻinida jami 101 ta qishloq joylashgan. 

Prezident Xalq qabulxonalari mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur hududlarda aniqlangan muammolarni kompleks hal etish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Natijada joriy yilning oʻzida 28 ta mahalla va ular tarkibidagi 40 dan ziyod chekka va olis qishloqlarda infratuzilmani rivojlantirish, aholining daromadli boʻlishi, tadbirkorlik hamda bandlik borasidagi tashabbuslariga toʻsiq boʻlayotgan masalalarni hal etishga erishilmoqda.

Arnasoy tumanining Bobur mahallasida roʻy bergan oʻzgarishlar 766 ta oila, qariyb 3,5 ming nafar aholining hayotiga roʻshnolik olib keldi.

Mahalladagi qariyb 2 kilometr ichki yoʻl, Ibn Sino va Maʼrifat koʻchalari asfalt qilindi, 1,6 kilometrdan ziyodrogʻi esa shagʻallandi. 20 dona beton tayanch oʻrnatilib, jami hisobda 3,5 kilometr havo tarmoqlari tortildi, yana shuncha aloqa kabellari oʻtkazildi, transformatorlar yangilandi. Oʻrikli koʻchasi aholisiga ichimlik suvi yetkazib berildi.

Arnasoy tumanidagi markazdan olis Chinobod mahallasi paydo boʻlganidan buyon oʻtgan 50 yil davomida Qozoqovul koʻchasining yoʻli tuprogʻu loy, bu yerdagi odamlar suvni tashib ichgan. 1,3 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga Qozoqovul, Chinobod, Mustaqillik koʻchalarida yashovchi 100 xonadonga ichimlik suv tarmogʻi tortilib, xisoblagich va kranlar oʻrnatib berildi.

Mahallaning 2,2 kilometrlik 5 ta koʻchasi shagʻallandi, 2 km. markaziy koʻchalari esa asfalt va sement beton qilindi. Tarmoqlarda olib borilgan yangilash va taʼmirlash ishlaridan soʻng elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi. Bundan tashqari, hududdagi 12-umumtaʼlim maktabi joriy taʼmirlandi.

Gulzor mahallasi Mirzachoʻl tumanining Aydarkoʻlga yondosh eng chekka aholi punkti. Yillar davomida yigʻilgan muammolar zalvoridan xalos boʻlish nima ekanini faqat mana shu yerning odamlari, 242 ta xonadonda yashovchi insonlar yaxshi tushuntirib bera olishi mumkin.

Mazkur Gulzor mahallasida yashaydigan 1500 nafardan ortiq aholinining turmush tarzini yaxshilash maqsadida olib borilgan ishlar natijasida barcha koʻchalar taʼmirlandi, 4,5 – 5,5 metr kenglikda 7 kilometrdan ziyod asfalt va sement beton ishlari bajarildi. Eng chekka Aydarkoʻl koʻchasi esa shagʻallashtirildi.

Shular qatorida himoyalangan 3,2 kilometrlik havo tarmoqlari tortilib, 55 dona tayanch beton ustunlar oʻrnatilishi natijasida elektr energiya, muntazam tashib keltirilib, qoʻshimcha ballonlar ajratilgani ortidan suyultirilgan gaz taʼminoti yaxshilandi. 9,5 km yangi tarmoqlar barcha xonadonlarga ichimlik suvi olib kelgan boʻlsa, yaqin haftalarda 2 kilometr irrigatsiya tarmoqlari ham yangilanib, oqar suv muammosi barham topadi.

Gʻallaorol tumanidagi Qipchoqsuv QFY tuman markazidan 50 chaqirim olisdagi eng chekka hududlardan biri. Eʼtibor bering, Qipchoqsuv qishloq fuqarolar yigʻini Xitoyuz, Tollisoy, Shirinbuloq, Kichiksoy, Solin, Kattasoy, Qoʻrgʻonchol, Qoʻshbuloq, Safarbuloq, Dovul, Naxrach, Qayragʻochli kabi 12 ta qishloqdan iborat boʻlib, 38 ta ichki yoʻllar mavjud. Shu paytga qadar yoʻllarning asosiy qismi tuproq yoʻl boʻlgan. Oʻtgan davrda Xitayuz, Qoʻrgʻonchol, Solin qishloqlarida ichki yoʻllar qum-shagʻal aralashmali qattiq qoplamaga oʻtkazildi. Solin va Tollisoy qishloqlarini bogʻlovchi yoʻllarning 1 km betonlashtirilib, 1,2 kmga asfalt yotqizildi.

Ichimlik suvi masalasi olis qishloqning ogʻriqli muammolaridan biri edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida QFYdagi Solin, Qoʻrgʻonchol va Kattasoy qishloqlarining har birida bittadan artezian qudugʻi qazilib, Solin qishlogʻida 6 km, Kattasoy qishlogʻida 1,5 kilometrli ichimlik suvi tarmogʻini tortish ishlari davom ettirilmoqda.

Xuddi shu kabi, Shirinbuloq qishlogʻida eskirgan 80 ta simyogʻoch va transformator yangilanib, yarim asrlik tarmoqlar oʻrniga 2 kilometrdan ziyod himoyalangan kabel tortildi. Solin va Dovul qishloqlaridagi transformator ham yangilandi.

Jarayonda uzoq manzillarning yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan birga, ijtimoiy soha obyektlari ham qayta yuz ochmoqda. Jumladan, Qipchoqsuv fuqarolar yigʻini uchun yangi bino qurib bitkazildi. Solin qishlogʻida 180 oʻrinli 3-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi. 3 ming 694 nafar aholiga xizmat koʻrsatadigan Solindagi tibbiy maskan abgor holatga kelib qolgan edi. 

Dastur asosida bu yerda taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Bundan tashqari, Solinda yangi dehqon bozori qurishga kirishildi. Eng olis Qoʻrgʻonchol qishlogʻidagi oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan, avariya holatga kelib qolgan 40-maktab 120 oʻrinli yangi binoga koʻchib oʻtdi.

Raqamlar tili bilan aytganda, Jizzax viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʻir 28 ta fuqarolar yigʻinlari tarkibidagi 40 dan ziyod qishloqlardagi qariyb 230 km yoʻlning ahvoli oʻnglandi, 34 km sement-beton, 49 km asfalt va 145 km dan ziyod masofada shagʻal yotqizish ishlari bajarildi, 171 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, 34 ta suv inshooti yangidan qurildi yoki rekonstruksiya qilindi, 6 ta transformator yangilandi, 85 km. masofada elektr tarmogʻi tortilib, simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirildi, bundan tashqari 62,5 kilometr aloqa tarmoqlarini ishga tushirilgan.

36 ta ijtimoiy soha obyektlarida 23,3 mlrd.soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan boʻlib, ushbu obyektlarning 19 tasi foydalanishga qabul qilingan. Bir soʻz bilan aytganda yil yakuniga qadar buyonkorlik ishlari olib borilgan qishloq va mahallalarning 166 ming nafardan ziyod aholisini oʻylantirib kelayotgan tizimli muammolar barham topadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер