Nyu-York shahrida oʻzbek maktabi ochildi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari chet ellarda vaqtincha boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari hamda xorijda yashovchi vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida (AQSH) “Ziyo Art” oʻzbek maktabi ish boshladi, uning rasmiy ochilish marosimi 2020-yil 19-sentyabr kuni boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi va “Mahalla USA” diaspora tashkiloti bilan birgalikda tashkil etildi. Bu haqda TIV xabar berdi.
Bosh konsulxona maʼlumotlariga koʻra, maktab 16 Avenue O, Brooklyn NY 11204 manzilida joylashgan boʻlib, quyidagi fanlar boʻyicha mashgʻulotlar olib boriladi: “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Odobnoma”, “Tasviriy sanʼat”, “Shaxmat” va “Matematika”.
Darslar shanba va yakshanba kunlari oʻzbek tilida Oʻzbekistondan olingan maxsus oʻquv materiallaridan foydalangan holda malakali oʻqituvchilar tomonidan olib boriladi. Oʻqituvchilar tanlov asosida saralab olingan.
Bosh konsulxona Oʻzbekiston Hukumati nomidan oʻzbek maktabi kutubxonasi fondiga kitoblar va badiiy adabiyotlarni topshirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring