Nukusda taʼlim sohasida yirik poraxoʻrlik sxemasi fosh etildi

10:26 19 Iyun 2025 Jamiyat
259 0

Qoraqalpogʻiston Respublikasida taʼlim sohasiga doir jiddiy korrupsiya holati aniqlandi. Nukus shahridagi umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi maktab direktori oʻrinbosarining topshirigʻiga binoan, Chimboy tumanida ishlovchi hamkasbini kasbiy sertifikat olish boʻyicha sinovdan oʻtkazib berish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtda DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida maʼlum boʻlishicha, maktab direktori oʻrinbosari 100 nafardan ortiq oʻqituvchilarni davlat attestatsiyasidan oʻtkazib berish evaziga har biridan 1000-1500 AQSH dollari miqdorida pora olgan. Bu toʻgʻrisida u shaxsiy bloknoti va turli qogʻoz hujjatlarida yozib borgani ham aniqlangan.

Ushbu noqonuniy sxemaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Pedagoglarni bilim va malakasini baholashni tashkil etish shoʻbasi bosh metodisti ham jalb etilgani maʼlum boʻldi. U oʻqituvchilarni davlat attestatsiyasidan oʻtkazish uchun yigʻilgan jami 10 450 AQSH dollarini ixtiyoriy ravishda topshirgan.

Tekshiruvlar davomida Milliy gvardiya xodimi ham oʻz xizmat vazifasini suiisteʼmol qilgani, xususan, oʻqituvchilarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazmasdan, ularning test jarayoniga uyali aloqa vositalari bilan kirishlariga imkon yaratib bergani maʼlum boʻldi.

Korrupsiyada ishtirok etgan shaxslar pora tariqasida olingan pul mablagʻlarini oʻzaro taqsimlab olgan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu holat taʼlim sohasida shaffoflikni taʼminlash va halollik tamoyillariga amal qilish zarurligini yana bir bor koʻrsatmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu jinoyat ishini toʻliq fosh etish va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha ish olib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер