Nukusda aholi turmushi farovon boʻlmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Ayni kunlarda Nukus shahri chin maʼnoda qurilish maydoniga aylangan. Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan har bir tashrifi hududda yangi imkoniyat va imtiyozlar, bunyodkorlik va odamlar hayotini oʻzgartirishga qodir boʻlgan tub burilishlarga zamin yaratmoqda.
Prezidentimizning shu yil fevral oyidagi tashrifi doirasida ham bir necha yirik loyihalarga asos solinib, Nukus shahridagi mahallalarda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari boshlangan edi.
Sir emaski, Qoraqalpogʻiston Respublikasining markazi boʻlgan Nukus shahrida ham yechimini kutayotgan qator muammolar bor edi. Shundan kelib chiqqan holda, shahardagi barcha mahallalar ichki yoʻllar, infratuzilma va obodonlashtirish holati nuqtayi nazaridan toifalarga boʻlinib oʻrganildi va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalari shakllantirildi.

Shu tariqa Davlatimiz rahbari belgilab bergan “Xalqni rozi qilish kerak” degan ustuvor vazifalar doirasidagi ishlar Nukusning har bir mahallasi, koʻchasi va xonadonlargacha kirib bordiq.
Bu oʻzgarishlar, odamlarning kayfiyatiga ijobiy taʼsir qilayotgani shubhasiz. Ayni vaqtda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan shahar ahli mamnun.
Kuni kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahridagi mahallalarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida mahallalarda boʻldi. Shahardagi «Altыn jagʻыs» mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi koʻchalarga (ЩPS) qum-shagʻal yotqizish ishlari, bu boradagi ishlarning sifati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mahalladagi aholi bilan uchrashib, ularning takliflarini tingladi. Aholining bildirgan taklif iltimoslari yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan tashrifi doirasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Nukus shahridagi sharoiti ogʻir hisoblangan 7 ta mahallani obod qilish maqsadida 75 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi.
— Bugungi kungacha belgilangan vazifalar dorasida 51 kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmoqlarini tortish va rekonstruksiya qilish, 9 kilometr piyodalar yoʻlakchasi qurish, 99 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻllarida qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi, — deydi Nukus shahar hokimining oʻrinbosari Qabilbek Aytbayev. — Shuningdek, 1 ming 579 dona elektr tarmoqlarining tayanch ustunlari va 92 kilometr uzunlikdagi koʻchalarga tungi yoritgichlar oʻrnatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq, Investitsiya dasturlari asosida ijtimoiy soha obyektlarining qurilish ishlari ham davom etmoqda. Birgina joriy yilning yakuniga qadar Nukus shahrida 9 ta maktab, 6 ta maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi imoratlari qurilib foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Nukus shahridagi bunyodkorlik ishlari dastlab, 7 ta sharoiti ogʻir mahallalarda boshlangan boʻlsa, keyinchalik bu ishlar 9 ta mahallada davom qildirildi. Ayni paytda ushbu mahallalardan tashqari yana 28 ta mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur mahallalardagi 459 ta koʻchalarga shagʻal-qum qoplamasi va ichki yoʻllarga asfalt yotqizish, piyodalar yoʻlaklarini barpo etish, tungi chiroqlar oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida Nukus shahrining 110 km. ichki yoʻllariga asfalt yotqizish ishlarini bajarish ham nazarda tutilgan.
— Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida Nukus shahridagi mahallalar qiyofasi butunlay yangilanib, koʻrkam manzillarga aylanmoqda, — deydi «Taslaq» MFY raisi Gʻayratdin Azizov. — Tabiiy gaz, elektr energiyasi tarmoqlari taʼmirlanib, qator muammolar hal etilmoqda. Albatta bundan shahar ahli mamnun va kayfiyati koʻtarinki. Birgina bizning mahallada 6 kilometr uzunlikdagi yoʻllarga asfalt yotqizilmoqda.
Darhaqiqat, mazkur mahallalardagi ichki yoʻllar oldin abgor holatda edi. Qishda loy, yozda chang-toʻzonga botib odamlar ishga, oʻquvchilar maktabga, kichkintoylar bogʻchalarga qatnardi. Eshigining oldigacha shunday keng va ravon yoʻllar qurilishi ular uchun orzu edi.

Nukusda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqni rozi qilishga qaratilgan ezgu ishlar bugun oʻz samarasini berayotir. Ravon yoʻllar, obod koʻchalar, yaxshi sharoitlar, bir soʻz bilan aytganda aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan ishlardan hudud aholisi chin maʼnoda rozi boʻlmoqda.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring