Norboyeva bosh prokurordan oziq-ovqatlar narxi nazorati boʻyicha izoh soʻradi
Bugun Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev hisobot berdi.
Yigʻilishda Senat raisi Tanzila Norboyeva bosh prokurordan oziq-ovqatlar narx-navosi nazorati masalasida izoh soʻradi.
“Hozir bizni ijtimoiy tarmoqlar orqali aholimiz toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrib oʻtirishibdi. Senatorlarimizga, davlat rahbariyatiga shunday bir tavsiya boʻlyaptiki, yogʻ-moy sanoatini ishlab chiqarish sohasini nazoratga olish va oziq-ovqat boʻyicha narx-navoni oshib ketmasligini qatʼiy nazoratga olish soʻralyapti. Bilishimcha, bu boʻyicha prokuratura ham ish olib boryapti” deya bosh prokurordan izoh soʻradi Senat raisi.
“Toʻppa-toʻgʻri, bu borada muhtaram Prezidentimizni va hukumat rahbarining aniq rejalari asosida biz Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan bevosita birgalikda oʻsimlik yogʻi aholimizga uzluksiz yetkazib berish va ularning narxlarini barqaror saqlash boʻyicha tegishli ishlarni olib bormoqdamiz. Biz bu borada hukumatga aniq taklifimizni berdik. Bosh vazirni oʻzi bilan gaplashganimizda yaqin kunlarda amaliy ishlar amalga oshirilib ular narxlarini barqarorlashtirish choralari koʻriladi”, dedi Nigʻmatilla Yoʻldoshev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring