Noqonuniy ishdan boʻshatilgan 4 nafar murojaatchi ishga tiklandi — Ombudsman
Иллюстратив фото
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga 4 nafar fuqaro Kadastr agentligining Jizzax viloyat boshqarmasidan asossiz ishdan boʻshatilganliklari sababli ishga tiklashda yordam soʻrab murojaat qilishdi.
Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni joyiga chiqib oʻrganish uchun Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili Oʻtkir Joʻrayevga yuborildi. Holat Jizzax viloyat kambagʻallikni qisqartirish va Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorat inspeksiyasi xodimlari bilan oʻrganilganda aniqlanishicha, 4 nafar murojaatchi ish joyida shtatlar qisqartirilganligi vaji bilan ishdan boʻshatilgan, lekin, bu jarayon mehnat qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilmagan.
Shundan soʻng, murojaatchilarni ishga tiklash va oylik maoshi hamda maʼnaviy zararlarni undirish boʻyicha fuqarolar manfaatida sudga daʼvo ariza kiritildi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax tumnalararo sudining tegishli hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirildi. 4 nafar murojaatchi oldingi egallab turgan lavozimlari uchun boʻsh shtatlar mavjud emasligi sababli, ularga tenglashtirilgan va yuqori boʻlgan vazifalarga tiklandi. Shuningdek, ularning har biriga oʻrtacha 15 mln soʻmga yaqin oylik ish haqlari hamda 6 mln soʻmdan maʼnaviy zarar, jami 83 mln soʻmga yaqin summa undirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring