Nonning narxi oʻzgarmaydi
Inson uchun yaratilgan eng ulugʻ neʼmatlardan biri nondir. Ayrim neʼmatlarni bir hafta yoki bir oy isteʼmol qilmay yurish mumkin. Lekin nonsiz yashashni tasavvur etish qiyin. Non –xalqimiz uchun eng aziz va dasturxonidan uzilmaydigan mahsulot.
Aziz neʼmatning narxi koʻtarilishiga oid ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalar boʻlmoqda.Rostdan ham u qimmatlashadimi?
- Yoʻq. Xalqimiz uchun nonning qadri naqadar yuksakligi barchamizga maʼlum, -deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori Zuhraxon Mullajonova. – Shuni hisobga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrda “Donni qayta ishlovchi korxonalar va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra, mahalliy dondan foydalangan holda ishlab chiqarilgan un asosida qolipli nonni tayyorlash va sotish 2020-yilning 1-iyuligacha qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilindi. Ayonki, bunday imtiyoz korxonalarning nonni oʻzgarmagan narxda sotishini kafolatlaydi.
Demakki, nonning narxi koʻtarilmaydi. U shu paytga qadar qanday qiymatda sotilgan boʻlsa, bundan keyin ham narx oʻzgarmaydi, deganidir. Aniq misolga oʻtsak. Andijon shahridagi “Toshkent Premium” masʼuliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda 2 tonnaga yaqin mahalliy unni qayta ishlab, 5 mingtaga yaqin sifatli qolipli nonni shahardagi 30dan ortiq doʻkonga yetkazib berayotir. Har bir nonning ogʻirligi 520 grammni tashkil etadi.
- Yangi qaror faqat bizni emas, aholi manfaatlari va ehtiyojlarini inobatga olib, qabul qilingani bilan ahamiyatlidir, - deydi jamiyat rahbari Gʻulomjon Ahmedov. – Birinchidan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilishimiz tufayli taxminiy hisob-kitoblarimizga koʻra, korxonamiz har oyda oʻrtacha 8 million soʻm mablagʻni tejab qolarkan. Birgina bizning korxonamizdan davlat shuncha mablagʻdan voz kechyapti. Aholi ehtiyojlarini hisobga olib. Shunday ekan, nonning narxini koʻtarishimizga hech qanday asos yoʻq. Qaytaga, uni xalqimiz uchun eng qulay narxda taqdim etishimiz joiz. Yil boshidan buyon doʻkonlarga qanchadan berayotgan boʻlsak, hamon oʻsha narxda - ming soʻmdan yetkazib beryapmiz.
- Har kuni ishdan qaytishda biror-bir doʻkonga kirib, albatta, qolipli non sotib olaman, - deydi oʻzini Oybek Qodirov deb tanishtirgan xaridor. – Nonning narximi, oʻzgargani yoʻq. Oʻtgan, undan avvalgi oylarda ham bir ming ikki yuz soʻmdan olardim. Hozir ham shunday.
“Non qimmatlasharkan”, deganga oʻxshash gaplar asossiz. Koʻrinib turibdiki, asosiy isʼtemol mahsulotining narxida hech qanday oʻzgarish yoʻq. “Tiriklik va rizqu nasiba” deb taʼriflanadigan non ishlab chiqaruvchilarini hukumatiiz qoʻllab-quvvatlab, ularga imtiyozlar taqdim etib, narx-navoni oshib ketishiga choralar koʻrayotgan ekan, biz ham aziz neʼmatning hattoki ushogʻini ham qadrlamogʻimiz kerak.
Dilmurod PARPIYEV,
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy
axborot shoʻbasi katta inspektori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring