Nomukammal loyiha keltirgan tashvish

12:05 30 Mart 2022 Jamiyat
994 0

Foto: Халқ сўзи

Deputat — xalq vakili. Uning oʻz saylovchilari bilan mustahkam aloqasi qonunlar ijrosida boʻshliqlarning barham topishida, huquqiy targʻibot ishlarining jonlanishi barobarida joylardagi qator muammolar yechimida ham muhim ahamiyat kasb etadi. 54-Norin saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat Zafar Xudoyberdiyevning saylovchilar bilan uchrashuvida Uychi tumanidagi “Axsi” mahalla fuqarolar yigʻini vakillari hududda oqova suvlar ochiq havzaga chiqib ketayotgani, oqibatda yon-atrofga badboʻy hid tarqalayotgani yuzasidan tashvish bildirishdi. Xalq noibi murojaatni mahalliy Kengash deputatlari, Uychi tumani hokimligi va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida joyiga borib, atroflicha oʻrgandi.

Maʼlum boʻlishicha, mahalla hududida Namangan viloyati “Oqova tozalash” korxonasiga qarashli “Hududiy oqova suv tozalash” inshooti mavjud boʻlib, hozirgi kunda uning faoliyati ishlab chiqarish korxonalaridan chiqqan oqova suvni tozalash nasosi orqali Uychi-Jiydakapa yoʻlidagi
1000 millimetrli katta quvurga bosim bilan haydash turiga oʻzgartirilgan ekan. Keyingi paytlarda oqova suvlar miqdori ortib ketishi, nasoslar quvvati yetmasligi sababli inshootdagi ortiqcha suvlar karyer orqali Norin daryosiga tashlanmoqda. Bu atrof-muhitni ifloslantirishdan tashqari suv havzasidagi egasiz baliqlarning nobud boʻlishiga olib kelmoqda. Vujudga kelgan ahvol Axsi va unga tutash boʻlgan beshta mahalla ahlining haqli eʼtirozini keltirib chiqargan.

Mutaxassislarni jalb etgan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida inshootdan oqova suvni bosim bilan haydash tarmogʻi 2019-yilda Namangan viloyati “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi buyurtmasiga asosan Fargʻonadagi «Yangi avlod qurilish invest» masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilgani, tarmoq chuqurligi 1,2 metr, uzunligi 1,5 kilometrni tashkil qiladigan ikkita 200 millimetrli poliyetilen quvurdan iboratligi, loyihalash ishlari vaziyatni chuqur tahlil etmay amalga oshirilgani maʼlum boʻldi.

Yana bir jihati, yangi tortilgan tarmoq Uychi-Jiydakapa yoʻlidagi 1000 millimetrli katta quvurga ulangunga qadar 8 gektarlik yer maydonining oʻrtasidan 1,2 metr chuqurlikda olib oʻtilgan. Tarmoqning bosimni koʻtara olmayotgani bois oqova suvlar ushbu dala maydoni yuzasiga ham sizib chiqib, koʻl hosil qilgan. Yerning shu qismida dehqonchilik ham qilib boʻlmayapti. Achinarlisi, hozirgi kunda ushbu 8 gektarlik yer maydoni 80 kishiga 10 sotixdan auksion orqali 10 yilga ijaraga berilmoqda. Muammo tez kunlarda yechimini topmasa ,yerni ijaraga olgan fuqarolar oldida ham talay tashvishlar paydo boʻlishi tayin.

— Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 193-196-moddalarida bu kabi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Biroq ayni borada nazoratni amalga oshirishga masʼul boʻlgan davlat organlarining harakatsizligi natijasida mazkur salbiy holatga barham berilmayapti. Eng yomoni, kimlarningdir masʼuliyatsizligi va befarqligi tufayli shu hududdagi aholining yuqumli va onkologik kasalliklarga chalinishi ehtimoli kuchayib bormoqda. Demak, mazkur holatga zudlik bilan barham berish va aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini taʼminlash lozim boʻladi, — deydi Oliy Majlis deputati.

Z. Xudoyberdiyev oʻz vakolatidan kelib chiqib, muammoga huquqiy baho berish va uni bartaraf etish masalasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga deputat soʻrovini yubordi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер