Nogironlikni belgilashdagi muammolar qachon hal etiladi?
Illyustrativ foto
Adliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda hududlardagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan fuqarolarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda nogironlikni belgilash bilan bogʻliq faoliyatini tahlil qildi.
Xoʻsh, natijalar qanday? Bu haqda batafsil toʻxtalamiz.
Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlumotlariga koʻra, ushbu sohada fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga sabab boʻlayotgan, yechimini kutayotgan masalalar mavjud.
Birinchidan, davolash profilaktika muassasalarida mutaxassislar
va tibbiy uskunalar yetishmaydi. Davolash-profilaktika muassasalarida vrachlar (nevropatolog, okulist, xirurg va hokazo) yetishmasligi hamda shtat birligi kamligi sababli, ularning ish vaqtlarining turlicha qilib belgilangan. Natijada fuqarolar TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun asos boʻladigan 088/u-tibbiy maʼlumotnomasi toʻldirish uchun oʻrtacha 8-10 kun vaqt sarflashmoqda.
Ikkinchidan, sohadagi ayrim munosabatlar tartibga solinmagan, qonun hujjatlaridagi baʼzi tartibotlar fuqarolar manfaatlariga toʻgʻri kelmaydi. Qonunchilikda belgilangan muddatlardan oldin TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun asos boʻladigan kasalliklar belgilari va roʻyxatlari tasdiqlanmagan.
Natijada davolash profilaktika muassasalari tomonidan nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar, shuningdek, noxush klinik prognozli bemorlardan ham statsionarlarda 4, 6 yoki 10 oy davomida davolanish talab qilingan. Ayrim hollarda fuqarolarning moddiy imkoniyati yoʻqligi hamda koʻpgina tibbiyot muassasalarida statsionar davolanish uchun nevrologiya va terapiya boʻlimlarida oʻrinlar yetishmasligi sababli ular qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda statsionarlarda davolana olishmaydi. Oqibatda fuqarolar nogironlik holatini belgilash uchun asos boʻladigan kasalliklarga chalingan boʻlishiga qaramasdan, koʻrsatilgan muddatlarda statsionarlarda davolanmaganligi sababli, ularga nogironlik belgilanmayapti.
Uchinchidan, soha faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyoti barqaror emas. TMEKlar faoliyatining yetarlicha muvofiqlashtirilmasligi natijasida ayrim hollarda davolanish samara bermaydigan kasalikka chalingan (bosh miya falaji, bolalar serebral falaji, qoʻl va oyoqning amputatsion choʻltoqligi va hokazo) bemorlar yillar davomida qayta-qayta tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.
Oʻrganish davomida adliya organlari tomonidan TMEKlar faoliyatida 300 dan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Mazkur qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ularga yoʻl qoʻymaslik maqsadida adliya organlari tomonidan 50 ta taqdimnoma hamda maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritildi. Natijada intizomiy javobgarlikka 63 nafar, maʼmuriyga esa 5 nafar shaxslar tortilgan.
Toʻrtinchidan, TMEKlarda ayrim turdagi mutaxascislar yetishmaydi (pediatr, oftalmolog), aksariyat hollarda nogironlik fuqarolar murojaat qilganidan soʻng belgilangan.
Nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar, shuningdek, noxush klinik prognozli bemorlarni aniqlash boʻyicha yetarlicha monitoring olib borilmasligi sababli baʼzi hollarda chekka hududlarda istiqomat qiluvchi jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari bor shaxslarga nogironlik belgilanmasdan qolib ketgan.
Tahlillarga koʻra, 2018 yilning 10 oyida davomida TMEKlar tomonidan belgilangan jami 42499 ta nogironlik holatining atigi
275 tasi nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslar, shuningdek, noxush klinik prognozli bemorlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Adliya organlari saʼy-harakati bilan chekka va olis hududlarda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq nogironlik holati aniq koʻrinib turgan shaxslar TMEKlar tomonidan belgilangan muddatlardan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, tegishli nogironlik guruhlari belgilandi.
Shuningdek, TMEKlar tomonidan ishlab chiqilgan reabilitatsiya dasturlari kasalliklarning boshlanishi, kechishi va rivojlanishini, amaliyotdagi holatlar chuqur tahlil qilinmagan hamda har bir nogironga nisbatan individual yondashmasdan nomigagina ishlab chiqilgan. Natijada nogironlik holatiga “ijtimoiy muammo” sifatida emas, balki “tibbiy muammo” sifatida qarash yuzaga kelgan.
Bugungi kunda ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi. Uning samara berayotgani yoki yoʻqligi haqida navbatdagi tahlillarda tanishib borasiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring