Nogironlikni aniqlash tartibi qachon soddalashtiriladi?
Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzolari bir guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi mutaxassislari bilan uchrashdilar. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda bugungi kunda nogironlarni qiynab kelayotgan, ularning ortiqcha sarson-sargardonchiligiga sabab boʻlayotgan muammolardan biri tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (TMEK) tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda fuqarolarning TMEKlarda tibbiy koʻrikdan oʻtish tartibotlari juda murakkabligi va shaffof emasligi, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayonlarida inson omili yuqoriligicha qolayotganligi, davolash profilaktika muassasalarida mutaxassislar va tibbiy uskunalar yetishmasligi qayd etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan TMEKlarning moddiy-texnik bazasi maʼnaviy eskirganligi, ular faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinmaganligi, TMEK mutaxassislari tomonidan tibbiy koʻrik hujjatlari ortiqcha vaqt sarflangan holda qoʻlda toʻldirilayotganligi tanqid qilindi.
Uchrashuv yakunida Qoʻmita aʼzolari tomonidan mazkur masala yuzasidan parlament soʻrovi tayyorlanayotganligi va koʻtarilgan barcha muammolar soʻrovda oʻz aksini topishi taʼkidlab oʻtildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring