Nodavlat notijorat tashkilotlar: jarima yoki rag‘bat
O‘zbekiston mustaqillik yillarida fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda. Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) muhim rol o‘ynaydi. Ular jamiyatning turli qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish hamda davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, O‘zbekiston — 2030 strategiyasi hamda 2021 — 2025 yilarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq NNTlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va huquqiy muhitni soddalashtirish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilib kelmoqda.
So‘nggi yillarda NNTlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun belgilangan ma’muriy jarima miqdorlarini kamaytirish masalasi ham dolzarb bo‘lib kelmoqda. Mazkur sohaga oid qonun loyihasi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va NNTlar faoliyatiga qulay huquqiy muhit yaratishga qaratilgan.
Amaldagi qonunchilik NNTlarning mustaqil faoliyat yuritishini ta’minlash, ularning davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish hamda ularga davlat tomonidan moliyaviy va tashkiliy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, har qanday huquqiy tizimda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham NNTlar tomonidan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash maqsadida ma’muriy javobgarlik tizimi joriy qilingan. Bu tizim NNTlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritishi, moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaslik yoki qonuniy cheklovlarni buzish kabi huquqbuzarliklarga nisbatan ma’muriy choralarni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda NNTlar faoliyatiga oid qonunchilik so‘nggi yillarda soddalashtirilib, liberallashmoqda. Shu jumladan, ularning huquqbuzarliklari uchun belgilangan jarima miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining bir guruh deputatlari tomonidan taklif etilayotgan o‘zgartirishlar jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 239-moddasida belgilangan jarimalarni miqdorini kamaytirish NNTlarni moliyaviy holatini yaxshilash, ish faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratadi.
Ushbu masalada xorijiy davlatlarning amaliyotiga murojaat qiladigan bo‘lsak, AQSHda, NNTlar soliq imtiyozlaridan foydalanadi, ammo ularning faoliyatida qonunbuzarliklar aniqlansa, soliq imtiyozlaridan mahrum qilinishi yoki jarimaga tortilishi mumkin.
Germaniyada, NNTlar qonunbuzarlik sodir etsa, ularga nisbatan moliyaviy jarimalar yoki faoliyatini to‘xtatish kabi choralar qo‘llaniladi. Hindistonda, NNTlar qonunbuzarlik uchun litsenziyalarini bekor qilish yoki moliyaviy jarimalar asosida jazolanadi. Shuningdek, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida NNTlarga nisbatan jarimalar qat’iy bo‘lsa-da, ularning faoliyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonda ham bu borada xalqaro tajribadan kelib chiqib, NNTlar uchun qulay muhit yaratish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Katta jarimalar ayrim nodavlat tashkilotlarini moliyaviy jihatdan qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin. Jarimalarning kamaytirilishi ularning mustaqil ishlash imkoniyatlarini kengaytirib, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlanishiga turtki beradi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Ularning samarali ishlashi jamiyat taraqqiyoti uchun muhim. Shu sababli, davlat tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Jarimalar miqdorining kamaytirilishi NNTlar faoliyatining huquqiy asosini yaxshilash, ularning barqaror ishlashiga sharoit yaratish va xalqaro tajribaga mos kelishiga xizmat qiladi.
Kelajakda ushbu islohotlarning amaliy natijalari yanada sezilarli bo‘lishi kutilmoqda. Bu jarayon O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga va NNTlarning erkin, samarali faoliyat olib borishiga katta turtki berishi shubhasiz. Bu yo‘nalishda xorijiy tajribalariga tayangan holda o‘zgartirishlar kiritilishi mamlakat nufuzini xalqaro hamjamiyatlarda yanada oshiradi.
Shuhrat HOJIMURODOV,
Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring