Bugunning gapi — niqob dastroʻmolcha emas-ku...
Koronavirus pandemiyasi kirib kelishi bilan jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlandi. Biroq, koʻcha-koʻyda, jamoat joylarida “Men vaksina olganman”, “Oʻzimning ishxonam boʻlsa, niqob taqishim shartmi?”, “Uyda qolib ketibdi” kabi bahonalar ila beniqob yurganlarni uchratib qolamiz.
Niqob taqish qaysidir maʼnoda himoya vazifasini bajaradi.
Oʻtgan yilning mart oyidan buyon niqob taqing, ijtimoiy masofani saqlang, deb har qadamda bong uriladi. Ammo bunga soʻzsiz amal qilish uchun tibbiy madaniyatimiz oqsayaptimikan, deb oʻylab qolaman.
Koʻcha-koʻyda, yon-atrofdagilarga bir eʼtibor bering. Ayrimlar niqobni iyagiga tushirib olgan, birov bilagiga bogʻlab olgan yoki bir qulogʻida sirgʻaday boʻlib osilib turibdi.
Bunday niqobdor boʻlishning nima foydasi bor? Tibbiy niqob taqishdan asosiy maqsad kasallikdan himoyalanish emasmi?
Karantin choralari yumshatilgach, odamlarning turli yumush bilan koʻchaga chiqishi koʻpaydi, ayrim tadbirlar oʻtkazilyapti. Guvoh boʻlyapmizki, ayrim yurtdoshlarimiz to nazoratchi baqirib-chaqirmagunga qadar maska yoki ijtimoiy masofa haqida oʻylab ham koʻrmaydi. Goʻyoki bizning salomatligimiz oʻsha nazoratchiga kerakdek.
—Odamlarda allaqachon koronavirusga qarshi immunitet hosil boʻlgan, deb oʻylabman, — deydi Marjona Xolboyeva. — Shunday xulosa bilan niqob taqish masalasiga beparvo qarayapman.
Yaqinda bir tadbirda boʻldik. Yigʻin ham qiziyapti, quyosh ham yondiraman deydi. Atrofni zimdan kuzataman. Kimdir niqob taqqan, kimdir taqmagan. Terlagan manglayini niqob bilan artgan bir amaki uni qaytib yuziga taqib oladi. Bir opaxon esa olti marta buklab, dastroʻmolcha singari taxlangan niqobni qoʻliga olib oʻtiribdi.
Nahotki, infeksiyadan saqlaydigan tibbiy niqobdan dastroʻmolcha sifatida foydalanishdan iymanmasak.
Sogʻlik oʻzimizga kerakligini bila turib, shunday eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyishimiz, niqobdan dastroʻmolcha sifatida foydalanishimiz qay darajada toʻgʻri?
—Niqob taqmaganimning sababi, issiqda koʻchada yurganda, niqob namlanib, hoʻl boʻlib qolyapti, — deydi yana bir suhbatdoshim. — Hoʻl maskada esa nafas ololmayman. nafas olish uchun niqobni jagʻimga tushirib qoʻyaman. Bu manzara esa juda xunuk koʻrinadi. niqob taqib yurish menga noqulaylik tugʻdiradi. Kasal boʻlganim yoʻq, soppa-sogʻman. Yaxshi ovqat yeyman. Vaqtida uxlab, vaqtida dam olaman. Sport bilan shugʻullanaman. Sogʻligʻim yaxshiligi uchun ham niqob taqmayman. Agar xavf tugʻilib qolsa, taqib yurish kerak boʻladi.
Xullas har kim oʻz fikrida sobit turgisi keladi. Nima boʻlganda ham odam oʻzining sogʻligini avvalo oʻzi oʻylagani yaxshi. Nafaqat niqob taqish, qoʻlni sovunlab yuvish, dastroʻmollarini toza tutish, xonalarni tez-tez shamollatib turish kabi ishlarni ham kundalik odatga aylantirolsak, nafaqat koronavirus, balki boshqa xastaliklar ham yengishi qiyin boʻladi, deb oʻylayman.
Nigina Shoyeva,
jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring