“Nima uchun koʻcha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”

14:30 16 Mart 2020 Jamiyat
2850 0

Til – millatning ruhi, hech kimga oʻxshamagan oʻzligi va maʼnaviy mulki. Dunyoda shunday xalqlar ham borki, mustaqil davlat sifatida oʻzining tiliga ega emas. Masalan, lotin, sanskrit tillaridan faqat yozma yodgorliklar qolgan. Ona tilimiz necha ming yillar qaʼridan yetib kelgan. Tilimizning juda boy va goʻzalligi haqida istagancha gapirish mumkin. Bu tilda ifodalab boʻlmaydigan tuygʻuning oʻzi yoʻq. Ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan soʻz javohirlarini asrab-avaylab, kelajak avlodga yetkazishga masʼulmiz. Til va adabiyotga gʻamxoʻrlik davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan bir paytda bisotimizdagi nodir qoʻlyozmalarni oʻrganish, maktablarda ona tili va adabiyot fanini oʻqitishni yaxshilash, yozma, ogʻzaki nutqimizdagi juzʼiy kamchiliklarni tuzatish ayni muddao.

Bundan qariyb olti yuz ilgari Alisher Navoiy oʻz asarlarida oʻzbek tili boshqa tillardan qolishmaydigan kuch-qudratga egaligi, unda barcha turkiy xalqlar sharros oʻqib tushunadigan asarlar yaratish mumkinligini isbotlab bergan. Millatimiz tarkibidagi toʻqson ikki urugʻ va qabilalar shu tilda oʻz fikri va tuygʻularini ifodalab kelgan. Xoʻsh, shuncha yillar davomida tilimiz qay darajada boyidi, ilmiy jihatdan tahlil qilindi va jahon miqyosda oʻrganilmoqda?

Oʻzbek tilining oʻz grammatikasi boʻlmasa-da, sanoqsiz qadimiy lugʻatlari bor. Asrlar davomida xalqimiz lugʻatlardan foydalanib, Bedilu Saʼdiylarga murojaat qilgan. Fuzuliylarni sharhlay olgan. Biz-chi, ayni paytda tilimizga yaqin qozoq, turkman qardoshlar bilan bemalol gaplasha olamizmi? Umuman, oʻqigan kitoblar va lisonimizdagi soʻzlar miqdorini hisoblab chiqqanmizmi? Bu atrofdagilar bilan muloqot-munosabatga kirishishga, tasavvur olamimizni boyitishga yetarlimi?! Baʼzan oʻylab qolamiz: birinchi sinfdan ona tili oʻqitilsa, oliy oʻquv dargohlariga kirishdan oldin ona tili va adabiyotdan imtihon topshirilsa, nega savodxonlik koʻngildagiday emas? Toʻgʻri, hamma adabiyot sohasini tanlamas. Lekin inson oʻz tilida fikrini bemalol ifodalay olishi kerak-ku! Nahotki, farzandlarimiz shuncha yil oʻzlashtirgan bilimlar oʻrni kelganda, ikki ogʻiz fikrini mustaqil yozish yoki ifodalashga kamlik qilsa? Unda “Yetuklik attestati”, “Diplom”, “Magistrlik darajasi” nimaga beriladi va kimlarga berilmoqda?!

Har safar televizor qulogʻini burganda, yana shu achchiq savol koʻndalang boʻlaveradi. Matbuot, radio va televideniye xalq tiliga yaqin boʻlishi kerak. Har kuni oʻttiz milliondan ziyod aholi unga tikilib oʻtiradi. Aytgan har bir soʻzini tahlil qiladi. Hozir davlat kanallari bilan xususiy kanallar oʻrtasida farq sezilmaydi. Bir xil koʻrsatuvlar koʻp. Qoʻlida mikrofon koʻtarib yurgan “teleyulduz”larning hammasini oʻz sohasining yetuk bilimdoni, deyish qiyin. Masalan, bir-biridan bemaʼni “Voydod karaoke”, “Aldama meni”, “Xello Afrika” koʻrsatuvlarining saviyasi past darajada. Respublikamiz boʻylab konferensiya zallarida oʻtkaziladigan ilmiy-ommaviy yigʻilishlarda ham birorta chet ellik boʻlmasa-da, aksariyat majlislar rus tilida olib boriladi. Bu ona tilimizga behurmatlik emasmi? Bunga markaziy TVning viloyat muxbirlarini ham qoʻshish mumkin. Hatto “Axborot” informatsion dasturidagi yangiliklarni ham har kim oʻz shevasida havola etmoqda. Hozir farzandlarimiz ham teleekran orqali uzatilayotgan bir-biridan tili qashshoq turk, koreys kino, seriallar va har xil “…shou”lar “tili”da soʻzlashmoqda. Bemaza qovunning urugʻidek koʻpayib ketgan maza-matrasiz qoʻshiqlarni gapirmay qoʻya qolaylik.

Avar shoiri Rasul Hamzatovni eslang. Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov ijodiy uchrashuvlarning birida shunday degandi: “... Rasul Hamzatov avar tilida gapirganda, eshitib hayratga tushganman. Qoyil qolib emas, shu tilda ham sheʼr yozib boʻladimi, deb. Ikki avar soʻzlashsa, oʻdagʻaylashyapti, deb oʻylaysiz. Tishda yongʻoq chaqqandek qarsillagan, tosh yoʻlda arava yugurgandek taraqlagan ovozni eshitasiz. Lekin avar oʻz tilini sevadi. Ulugʻ shoirlari bu tilda oʻlmas sheʼrlar yozib qoldirgan...”. Bizda ham oʻz tilini sevgan ijodkorlar koʻp. Masalan, soʻz ustasi Abdulla Qahhor ijodda oʻziga ham, boshqalarga ham juda talabchan boʻlganini yaxshi bilamiz. U kishining ona tilimizning jonkuyari sifatida aytgan gaplari hali ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan: “Nima uchun koʻcha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”.

Har yili davlat nashriyotlari qatorida, xususiy nashriyotlar tomonidan qanchadan-qancha oʻquv qoʻllanmalaridan tortib, badiiy kitoblargacha nashr etiladi. Bularni sinchkovlik bilan oʻqiydigan, har bir soʻz, jumla ustida bahslashadigan mualliflar, muharrirlar bormi? Nahotki, bugungi ziyoli uchun imlo bilmaslik, uyat sanalmasa? Xorazm shevasida chop etilgan asarni Andijon yoki Qashqadaryoda tushunilishi qiyin. Ilgari kitobga biror yangi soʻz yoki ibora berilsa, izoh oʻrnida ilova qilingan. Baʼzan doʻkon peshtaxtalarini aylanib, arzirli kitob topolmaysiz. Hatto shahrimizdagi doʻkon va korxonalar tepasida xato yozilgan nomlar, reklama materiallariga ham eʼtibor bermay qoʻydik. Bu turishda, qanday tilimiz ravnaq topadi? Kitobxonlar, mushtariylar, tomoshabinlarni soxta munosabatlar, palagʻda gʻoyalar va zerikarli insholar asosida yozilgan asarlar, ommaviy nashrlar,saviyasiz koʻrsatuvlar chohiga uloqtirishdan tiyilaylik. Bu hozirdan oʻzining “gʻaroyib” mevalarini beryapti. Yoshlar orasida oʻz onasi bilan bepisand gaplashadiganlar bor. Toʻgʻri, jahonda sof ona tilida soʻzlashadigan millatning oʻzi yoʻq. Butun dunyo biladigan va u bilan hech bir til bellasha olmaydigan inglizcha lugʻatlarda ham begona tillardan olingan soʻzlar uchraydi. Ammo chetdan kirib kelayotgan har bir yangi soʻz negizida nima borligini bilishimiz kerak. Masalan, qisqa fursatda, “ekstremizm” yoki “terrorizm” degan butunlay bizga yot tushunchalar qaysi manbadan lisonimizga kirib keldi? Buni biz madaniyatimiz negizida paydo boʻlmaganini yaxshi bilamiz-ku! Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy sof lisoniy yondashuvni avvalo, oiladan boshlash kerak, deydilar. Ona tili oʻz nomi bilan ona tili! Farzandlarimiz tilidagi ayrim saktaliklar onalarning tilga eʼtiborsizligidan kelib chiqmoqda. Ayrim taraqqiy etgan mamlakatlarda onalar ham oʻqitiladi. Onalar maʼnaviyati yuksak boʻlsa, maktabdagi kitoblarni bolalariga oʻqib, tushuntirib bera oladi.

Xulosa oʻrnida: ona tilimiz bugun gapirilib, ertaga unutilib ketadigan masala emas. Farzandlarimiz bir umr maktabda olgan bilim darajasida qolib ketmasin. Isteʼmol qilayotgan soʻzlarimizning maʼnaviy yuki boʻlsin. Til almashtirib turiladigan mavsumiy libos ham emas, maʼnaviy qiyofamizni koʻrsatib turguvchi koʻzgudir. Koʻzgumiz qalb oynasiga aylanishi uchun gʻuborlardan tozalab turaylik.

Adiba UMIROVA,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер