Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi hujjatlar tizimlashtiriladi
“Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (550-son, 20.10.2023-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, quyidagilar tasdiqlandi:
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari toʻgʻrisidagi nizom;
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining sonini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari;
Tugʻilganlikni qayd etish bilan bogʻliq kompleks davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti;
Oʻlimni qayd qilish bilan bogʻliq kompozit davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
Yangi gerbli guvohnomalar berganlik uchun (oʻlim haqidagi gerbli guvohnomalar hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiya muassasalariga joylashtirishda berilgan tugʻilganlik haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) gerb yigʻimi BHMning 15 foizi miqdorida undiriladi.
Shuningdek, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining arxiv maʼlumotlarini raqamlashtirish natijasida turli yillar davomida bir xil seriya va raqamli tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu guvohnomalarni qayta rasmiylashtirganlik uchun gerb yigʻimi undirilmaydi;
FHDYO organlari tegishli yozuvlar orqali quyidagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etadi:
tugʻilganlik haqida;
nikoh tuzish haqida;
nikohdan ajralish haqida;
oʻlim haqida.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari davlat ahamiyatiga molik hujjatlar hisoblanadi, bir nusxada tuziladi va FHDYO organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish kabi voqea va faktlar yuqorida sanab oʻtilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring