Nigeriyadagi maktablardan biriga uyushtirilgan hujumdan keyin 400 nafarga yaqin oʻquvchi gʻoyib boʻlgan
Foto: АР
Nigeriya shimoli-gʻarbida joylashgan Katsina shtatidagi maktablardan birida uyushtirilgan qurolli hujumdan keyin 400 nafarga yaqin oʻquvchi gʻoyib boʻlgan.
Politsiya va harbiylar oʻquvchilar qidirish amaliyoti chogʻida jangarilarning qattiq qarshiligiga duch kelgan. Ikki tomonlama otishmalar boʻlib oʻtgan.
Katsina shtati politsiyasi vakili Gambo Isaxning aytishicha, qurolli hujum juma kuni kechqurun sodir etilgan. Oʻshanda maktabda 600 nafardan koʻp oʻquvchi boʻlgan.
“Politsiya, Nigeriya armiyasi va havo kuchlari yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan oʻquvchilarning haqiqiy sonini aniqlash uchun maktab maʼmurlari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deydi Isax.
Qidiruv guruhlari yoʻqolgan oʻquvchilarni topish yoki qutqarish maqsadida ish olib bormoqda.
“Associated Press” agentligiga mahalliy aholi vakili Mansur Belloga tayanib xabar berishicha, qurollangan bosqinchilar oʻquvchilarning bir qismini olib ketgan.
Havo kuchlari qaroqchilar Zango-Paula oʻrmonida joylashganini aniqlagan va operatsiya davom etmoqda deyiladi Prezident Muhammadu Buhari tomonidan berilgan bayonotda.
Nigeriyada garov puli undirish maqsadida bosqinchilar tomonidan maktablarga tez-tez hujumlar uyushtiriladi. 2014-yilning aprelida “Boko Haram” jangarilari Barno shtatidagi maktablardan biridan 276 nafar qizni oʻgʻirlab ketgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring