Niderlandiyada oʻzbekistonlik Ikkinchi jahon urushi qurbonlarining xotirasi yodga olindi

21:12 05 May 2023 Jamiyat
1160 0

Foto: “Dunyo” AA

Mamlakatimizning Bryusseldagi elchixonasi xodimlari Niderlandiyaning Lyoysden shahri yonidagi “Rastxof” qabristoni hududida joylashgan “Sovet shon-sharaf maydoni” xotira xiyobonida boʻlib oʻtgan anʼanaviy xotira marosimida ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Dastavval shuni qayd etish joizki, har yili 5-may kuni Niderlandiyada Ikkinchi jahon urushidan buyon turli harbiy harakatlar va tinchlikparvarlik operatsiyalari qurbonlarining xotirasi yodga olinadi — butun mamlakat boʻylab xotira marosimlari oʻtkaziladi.

3-may kuni oʻtkazilgan mazkur marosim — 5-may kuni mamlakat boʻylab oʻtkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlik doirasida tashkil etildi.

Unda Niderlandiyaning “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi koʻngillilari, shu jumladan, mahalliy oliy oʻquv yurtlari talabalari hamda maktab oʻquvchilari, Niderlandiyada istiqomat qilayotgan oʻzbekistonlik vatandoshlar, Oʻzbekiston — Niderlandiya doʻstlik jamgʻarmasining vakillari ishtirok etishdi.

Marosim davomida Ikkinchi jahon urushida Niderlandiyada qurbon boʻlib, mazkur xotira maydonida dafn etilgan 865 nafar sovet askari, shu jumladan, “Amersfort” konslagerida fashizm qurboni boʻlgan oʻzbekistonlik 101 nafar askarning qabrtoshlari yoniga gullar qoʻyildi, gultuvaklar suv bilan toʻldirildi. Shu tariqa xotira xiyoboni rang-barang gullarga burkandi.

Shundan soʻng mamlakatimiz elchixonasining taklifi bilan barcha ishtirokchilar xotira maydonining toʻriga toʻplandilar. Elchixona vakillari tomonidan Ikkinchi jahon urushi, uning halokatli oqibatlari, Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan munosib hissasi, shuningdek, xalqimizning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishda sinmas iroda va jasorat namunalarini koʻrsatgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini sharaflash boʻyicha mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan ishlar toʻgʻrisida fikr yuritildi.

Boʻlib oʻtgan qisqacha muloqot chogʻida Niderlandiya hukumatiga, keng jamoatchiligiga, ayniqsa, “Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi rahbariyatiga, xususan uning boshqaruvi raisi, taniqli jurnalist va tarixchi Remko Reydingga xotira xiyobonidagi qabrlarga hurmat bajo keltirayotgani, insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush qurbonlarining, shu jumladan, oʻzbekistonlik askarlarning xotirasini avaylab asrash va ularning shaxsini aniqlash borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.

Shundan soʻng barcha mehmonlar ishtirokida urush qurbonlarining ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.

“Sovet shon-sharaf maydoni” jamgʻarmasi boshqaruv kengashi raisi Remko Reyding Oʻzbekiston rahbariyatiga Ikkinchi jahon urushi ishtirokchi va qurbonlarining xotirasini avaylab asrash borasidagi saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Remko Reyding ushbu marosim Oʻzbekiston hamda Niderlandiyadagi yorqin bayramlar — 5-may — Xotira kuni va 9-may —Xotira va Qadrlash kuniga toʻgʻri kelishini ham alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

— Oʻzaro hamkorlikni yanada jadallashtirish va shu kabi xotira tadbirlarini anʼanaviy ravishda oʻtkazish xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga, tinchlik-totuvlikka xizmat qilishiga shubha yoʻq, — dedi Remko Reyding.

Marosim soʻngida oʻtganlarning xotirasiga bagʻishlab ehson dasturxoni yozildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер