Nega bahor mavsumida allergiya kuchayadi?

00:12 09 Mart 2021 Jamiyat
2614 0

Bahor kelishi bilan koʻpchilikni bir muammo — mavsumiy allergiya bezovta qila boshlaydi. Allergiya oʻzi nima? Nega bahor mavsumida allergiya kuchayadi? SSV matbuot xizmati ayni shu savollarga Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ilmira Raziqovadan javob oldi.

— Allergiya oʻzi nima?

— Allergiya — organizmga taʼsir qiladigan yoki tana bilan aloqada boʻlgan, masalan, hayvonlarning juni, chang yoki ari zahri kabi moddalarga immun tizimining javobidir. Allergik reaksiyani keltirib chiqaradigan modda “allergen” deb ataladi. Aslida ular zararsiz moddalar hisoblanadi.

Ammo inson tanasi sezuvchanligining ortishi sabab, yaʼni immun tizimidagi buzilish oqibatida tana xavfsiz moddalarni xavfli deb qabul qiladi va himoya tizimini ishga tushiradi. Natijada esa burun oqishi, koʻz yoshlanishi, qichishish, teri toshmalari paydo boʻladi.

— Nega bahor mavsumida allergiya kuchayadi?

Bahorda sodir boʻladigan tabiat oʻzgarishlari, daraxtlar gullashi, oʻsimliklardan ajraladigan chang zarralari organizmga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Ana shu vaqtda immun tizimi sustlashgan boʻlsa, allergiyaga moyillik yuz berishi mumkin. Immunitetni mustahkamlash choralarini koʻrish, allergiya xurujidan saqlanishning birinchi usulidir.

Mavsum allergiyasi asosan gulchanglari evaziga yuz beradi va tibbiyotda pollinoz deb ataladi. Allergiyani uch davrga boʻlish mumkin. Boshlangʻich davri – mart oyining boshidan may oyi oʻrtasigacha, yaʼni daraxtlar gullashi paytiga toʻgʻri keladi.

Ikkinchi davri may oyidan iyulning oxiri, avgust boshigacha davom etadi. Bu vaqtda dala oʻtlarining gullashi yuz beradi. Uchinchi davri esa boshoqli oʻsimliklar gullashi bilan bogʻliq boʻlib, avgust oyidan noyabrgacha choʻziladi.

— Oʻziga xos belgilari qaysilar?

Allergik inson allergen bilan toʻqnashganda, allergik reaksiya darhol yuzaga kelmaydi. Immun tizimi asta-sekin moddaga nisbatan sezgirlikni oshiradi. Vaqt oʻtib, tana oʻziga xos yuqori sezgirlikka ega boʻladi, bu jarayon sensibilizatsiya deb ataladi. Bahor mavsumida allergiya koʻpincha chang va gul changiga nisbatan qoʻzgʻaladi. Uning simptomlari quyidagilardir:

• burun bitishi;

• koʻzlarning qichishi;

• burundagi qichishish;

• rinit;

• koʻzlarning shishishi;

• koʻzlarning yoshlanishi.

Teridagi allergiya alomatlari:

• teri poʻst tashlashi;

• qichishish;

• teri quruqlashishi;

• teri qizarishi;

• terida qizgʻish toshmalar paydo boʻlishi.

Bahor mavsumida ushbu belgilarga duch kelsangiz, albatta, allergolog mutaxassisga murojaat qilishni tavsiya etamiz. Sababi — oʻzboshimchalik bilan notoʻgʻri davo choralarini qoʻllash allergiyani kuchaytirish yoki boshqa xastaliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Xususan, astma kasalligi kelib chiqish ehtimoli yuqori hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер