Nega “Adolat”chilar Hukumatning javobidan qoniqmadi?
Jahon paydo boʻlibdiki, davlatlararo savdo-sotiq, iqtisodiy aloqalar rivojlanib keladi, iqtisodiy integratsiyasiz taraqqiyot yoʻq. Keyingi paytlarda mamlakatimizning ana shunday integratsiya shakllaridan biri boʻlmish Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorlik masalasi koʻp muhokama qilinmoqda. Mutaxassislar ushbu Ittifoqqa aʼzolikning Oʻzbekiston uchun ijobiy va salbiy jihatlarini chamalab koʻrmoqdalar, bunda Oʻzbekiston nima yutadiyu, nima yutqizadi, degan masala jiddiy muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Masalaga Qonunchilik palatasi deputatlari ham oʻz pozitsiyalarini bildirmoqdalar.
Shu munosabat bilan, ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov, Bosh vazirning maslahatchisi K.Rashidov va Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari, Moliya vaziri T. Ishmetov hamda boshqa vazirliklar, tashkilotlar va muassasalar masʼul xodimlari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etgan mazkur yigʻilishda Hukumat aʼzolari Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolarining bir qator savollariga javob berdilar.
Koronavirus pandemiyasi tufayli videokonferensaloqa tarzida oʻtgan mazkur “Hukumat soati”da deputatlar tomonidan Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiyalashuvning tashqi savdo, bojxona-tarif tizimini tartibga solish, byudjet, bank va moliya sohasi, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari rivojlanishiga oid berilgan savollarga hukumat aʼzolarining javoblari tinglandi.
“Hukumat soati”davomida “Adolat” SDP fraksiyasining aʼzolari YEOII bilan hamkorlikning qator ijobiy jihatlari bilan birga ayrim salbiy jihatlari ham borligiga eʼtibor qaratdilar. Jumladan, YEOII bilan hamkorlik qisqa muddatli davrda Oʻzbekiston uchun ayrim tarmoqlarda ishlab chiqarishning pasayishi va ish oʻrinlari yoʻqotilishi, shu jumladan ittifoq bilan erkin savdo toʻgʻrisidagi bitimga ega mamlakatlar hisobiga ijtimoiy-iqtisodiy xavf-xatarlar yuzaga kelishi mumkin. Uchinchi mamlakatlardan zamonaviy uskuna va texnologiyalarga nisbatan bojxona imtiyozlarini qoʻllash orqali ragʻbatlantirilgan investitsiya faolligi va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish surʼatlari pasayishi mumkin.
Yana toʻlov balansi barqarorligiga, milliy valyutaga va makroiqtisodiy vaziyatga salbiy taʼsiri, yagona bojxona tarifi qoʻllanilishining respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalarni va xomashyo tovarlari importi hisobiga yirik investitsiya loyihalari amalga oshirishni qiyinlashtirishi, ayrim hollarda esa toʻxtatib qoʻyishi, uchinchi mamlakatlardan kontrabanda tovarlari oqimi kirib kelishi xavfi ham vujudga kelishi mumkin.
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari YEOII bilan hamkorlik sharoitida Oʻzbekiston farmatsevtika sanoatini rivojlantirishning istiqbollariga oid muhim savol bilan murojaat qildilar. Maʼlumki, Oʻzbekiston ayni paytda dori vositalarining 90foizidan ortigʻini YEOIIga aʼzo boʻlmagan davlatlardan import qiladi. Shuningdek, hozirda tibbiyot muassasalarimiz tibbiy texnika bilan yetarli darajada taʼminlanmaganligi hech kimga sir emas. Zamonaviy meditsina jihozlari va xom ashyolar importining 95 foizi uchinchi davlatlar ulushiga toʻgʻri keladi.
Agarda YEOIIga aʼzo boʻlib kiradigan boʻlsak, unda mamlakatimizda raqobatbardosh mahalliy farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va tibbiy texnika vositalarini oʻzimizda ishlab chiqarish ancha murakkablashadi. Shunday bir sharoitda mavjud farmatsevtika korxonalari barqarorligini saqlab qolishda davlatning koʻmagi qanday boʻladi, qancha miqdorda markazlashgan investitsiyalar ajratilishi kerak, qanday kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻriladi?
Ushbu savolga Hukumat aʼzosi javob berishga harakat qildi. Biroq Hukumatning bu boradagi aniq hisob-kitob va tahlillari ega emasligi, xususan, milliy ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlash va ularning YEOII bilan hamkorlik sharoitiga qanchalik moslasha olishi yuzasidan oʻrganishlar olib borilmaganligi sababli, “Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari qoniqarli javob ololmadilar.
Agar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatni chuqurroq tahlil qiladigan boʻlsak, hozirda Oʻzbekistonda farmatsevtika korxonalari, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarda jahonning rivojlangan davlatlari bilan farmatsevtika va tibbiyot uskunalari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalar tashkil etilayotganini koʻrishimiz mumkin.
YEOIIga aʼzo boʻlinsa, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlaridan dori vositalari, tibbiy asbob-uskunalar va texnologiyalarning hech qanday toʻsiqlarsiz, ommaviy tarzda erkin kirib kelishi yuz beradi. Ushbu holat endi-endi oyoqqa turayotgan milliy farmsanoatning rivojiga toʻsiq boʻlishi, mahalliy ishlab chiqarishning izdan chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, koʻplab ish oʻrinlarining yoʻqotilishiga, xorijiy valyutaning chetga chiqishiga, farmatsevtika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning samarasini pasayishiga olib keladi.
Shu bois, fraksiya aʼzolari ushbu prinsipial masalada chuqur tahlil va yondashuv zarurligini taʼkidlab, Hukumat aʼzolaridan toʻliq javob kutib qoladi.
Gulbahor SAIDGʻANIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring