Navroʻz bayrami munosabati bilan Dubaydagi mashhur favvora Oʻzbekiston bayrogʻi ranglariga burkandi

17:16 22 Mart 2022 Dunyo
2383 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida vaqtincha istiqomat qilayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar uchun Navroʻz bayramiga bagʻishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.

Bayram tadbiri avvalida Navroʻzi olam munosabati bilan Dubayning “THE POINTE” sunʼiy orolida barpo etilgan mashhur favvora Oʻzbekiston bayrogʻi ranglariga burkandi.

Bosh konsulxona rahbari oʻz nutqida xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini oʻzida yaqqol mujassam etgan Navroʻzi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri ekanini taʼkidladi. Diplomat Oʻzbekistonda Navroʻz qut-baraka va toʻkinchilik bayrami sifatida har yili keng nishonlanishini qayd etdi.

Tantanada soʻzga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan xorijda yashayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga faol jalb qilish boʻyicha tashabbuslarini alohida taʼkidladilar.

Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani ham eʼtirof etildi.

Tadbirda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sevara Nazarxon oʻzining Navroʻz bayramiga bagʻishlangan konsert dasturini taqdim etdi.

“ZOR” oʻzbek milliy restoranida tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri yakunida Bosh konsulxona tomonidan vatandoshlar uchun bayram dasturxoni tashkil qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер